Ortiqcha xarajat qilmasdan ham yaxshi kiyinish sirlari

  • 10:25 / 23.05.2020
  • 696

Ayollar kiyim-kechakka juda ko‘p pul sarflaydi. Trendlar esa tez o‘zgaradi, ularning orqasidan yugurib, yetib olish juda ham  qiyin. Shuning uchun kiyim tanlashning boshqa usuliga murojaat qilish kerak.  Masalan, ofis va sayr, tadbirlarda qatnashish va sport bilan shug‘ullanish uchun kiyiladigan liboslarning bir necha turi bo‘lsa, yetarli. Ular orasiga gohida trend libosini ham qo‘shib qo‘ysa bo‘ladi.    
Ko‘rkam kiyinish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?   
Misol uchun: 
Qimmat “butik”lardan sotib olish shart emas. Xuddi shunaqa kiyimni hammabop do‘konlardan ham xarid qilsa bo‘ladi. Muhimi, tikilishiga, chokining tekisligiga, taqiladigan zanjiri (molniya)ning to‘g‘ri o‘rnatilganiga e’tibor berishdir. Agar zanjiri taqilmagan bo‘lsa – bu modelning narxini pasaytiradi;

Tabiiy matodan tikilgan kiyimlarni sotib oling, bu ancha chiroyli ko‘rinadi. Darvoqe, agar matosiga sintetik tola aralashgan bo‘lsa, cho‘chimang. Biroz sintetik tola aralashgan mato 100 % paxta tolasidan to‘qilgan matoga qaraganda kam  g‘ijimlanadi.  Ko‘rinishi binoyidek, arzonroq ham;  
Kuylak, shim  va boshqa kiyimlarni kiyganda ularda dumaloqchalar hosil bo‘lmasligi kerak. Ular kiyimning narxini tushirib yuboradi. Shuning uchun yoki liboslarga  to‘g‘ri munosabatda bo‘lishimiz, yoki bunday kiyimlarni mutlaqo sotib olmaganimiz ma’qul;
Palto, pidjak va shunga o‘xshash ustki kiyimlarni sotib olayotganda uning astariga, tikilish sifatida alohida e’tibor berish shart. Bu jihatlari kiyimni asl narxidan ancha qimmat ko‘rsatadi;    

Kiyim sotib olayotganda uning rangi, gullari klassik uslubda bo‘lishiga ahamiyat qarating. Bu ranglar hayvonlar terisi, katta, yorqin gullar tasviri tushirilgan kiyimlarga qaraganda ancha  salobatli ko‘rinish beradi.    
Chiroyli kiyinishning million usuli bor. O‘ziga hos obraz yaratishda aksessuarlar ham yordamga keladi.  
Poshnasi baland, uchli, qora tufli hatto eng oddiy libosni ham bashanglashtiradi.  Sumkani ham bezaklari kamroq bo‘lganini tanlagan afzal. Qanchalik oddiy bo‘lsa, shunchalik ko‘rkamlashtiradi. Mayda-chuyda bezaklarga, aksessuarlarga ruju qo‘yavermaslik kerak. Bular umumiy ko‘rinishga salbiy ta’sir qilishi mumkin. 
Ayollarning yuqori sifatli kiyimlarini taklif qiluvchi saytlar juda ham ko‘p. Ular orqali ham chiroyli, ham ma’qul narxlardagi liboslarni xarid qilish imkoni bor.   

Yuvilaverganidan unniqib ketgan, cho‘zilib qolgan narsalarni saqlamang, kiyim javoningizni doimo toza saqlang va qimmatbaho bo‘lmasa ham sifatli narsalar bilan to‘ldirib boring. Agar tabiiy mo‘ynaga pulingiz yetmasa ekomo‘yna xarid qiling. Sun’iy zamsh ham yaxshi.  
Unutmangki, klassik va kejual uslublari juda ham qimmatbaho ko‘rinadi. Shuning uchun bu uslubga alohida diqqat qarating. O‘z obrazingizni yaratishda jiddiy o‘ylab ko‘ring va qomatingizga moslab kiyining. Agar kiyim sal kattaroq kelsa, ustasi “ta’mirlab” bergani ma’qul.
Sifatli narsa uzoq yillar xizmat qiladi. Garderobingiz uchun xuddi ana shunaqalarini tanlang.   

Navfalbek Boltayev tayyorladi