Pentagon NUJlar bilan bog‘liq yana sakkizta materialni e’lon qildi

  • 17:33 / 21.05.2020
  • 784

Pentagon NUJlar bilan bog‘liq voqealar to‘g‘risida yana sakkizta materialni nashr ettirdi. Ular ushbu ma’lumotlarni tekshirib ko‘rib, “Sayyoramizdan tashqarida hayot bor”, deb xulosa chiqarishga hali juda ertaligini ta’kidlamoqda.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari noma’lum uchar jismlar bilan bog‘liq bir qator materiallarni nashr etdi. Bu safar ma’lumotlarga ushbu obyektlarni uchratgan uchuvchilarning tavsiflari ham qo‘shilgan. Hujjatlarga ko‘ra, 2013-yil 27-iyundan 2019-yil 13-fevralgacha NUJlarga aloqador sakkizta voqea sodir bo‘lgan. Bu haqdagi barcha materiallar “New York Times” gazetasida chop etildi.

Harbiy-dengiz kuchlarining jamoat xavfsizligi borasidagi hisobotlarida keltirilgan bu dalillar bir nechta ommaviy axborot vositalari so‘rovlariga binoan “Axborot erkinligi” to‘g‘risidagi qonun talablariga javoban chop etildi. Ba’zi voqealar haqida avvalroq xabar qilingan edi. Ammo bu g‘ayrioddiy hodisalar to‘g‘risida uchuvchilarning o‘zlari so‘zlab berishgani voqealarni jonlantirib yuborgan. Xavflar to‘g‘risidagi hisobot – bu uchuvchi osmonda xavfli vaziyatga duch kelganida tayyorlangan standart hujjat. Harbiy-dengiz kuchlari ushbu xabarlarni AQSh havo hududida nimalar bo‘layotgani va uchuvchi qanday xavfga duch kelgani to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lish uchun muntazam kuzatib boradi.

Xususan, bir xabarga ko‘ra, 2014-yil 26-mart kuni “Super Hornet” uchuvchisi “ko‘rinishi kichik bo‘lgan, jomadon kattaligidagi kumushrang noma’lum samolyot” bilan to‘qnashgan. O‘sha paytda biror bir samolyot havo hududiga kiritilmagan va dengiz floti bu obyektni o‘z radarlarida zo‘rg‘a kuzatib turgan. “Obyekt shu qadar kichkina ediki, uni oddiy ko‘z bilan aniqlab bo‘lmas edi”, deya qayd etilgan edi hisobotda.

Bir oydan so‘ng, 23-aprel kuni yana bir “Super Hornet” uchuvchisi ikkita noma’lum uchar obyekt bilan to‘qnashdi. Harbiylar ushbu obyektlar va ularni kim boshqarganini aniqlay olmadi. Bir hisobotda aytilishicha, “u havoda to‘qnashuvga sabab bo‘lishidan oldin uning nima ekanligini aniqlash juda muhim”. Uchuvchilar, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari va boshqa havo vositalarining ishlashini to‘g‘ri muvofiqlashtirish va boshqa uchuvchilar e’tiboriga yetkazishni talab qilishdi. Pentagon mutaxassislari ular qanday qurilmalar ekanligini aniqlay olishmayapti, ammo ularni “o‘zga sayyoraliklar kemasi”, deb xulosa qilishga juda erta ekanligini ta’kidlashmoqda.