Plastik konteyner: Ularni tanlash, saqlash va parvarishlash tartibi

  • 18:08 / 14.02.2020
  • 228

Konteyner va plastik ovqat qutilari inson uchun noqulaylik tug‘dirishi, oshxona javonidan to‘kilib tushadigan buyumga aylanmasligi kerak. Ulardan qaysi birini tanlash, foydalanish kerakligi haqida quyida ma’lumot beramiz.

• Eng muhimi, maqsadni aniqlab olishdir

Plastik ovqat qutilari, konteynerlarni ko‘rinishi yoqib qolgani uchungina sotib olmang. Ularni qay maqsadda qo‘llamoqchiligingizni va qayerda saqlash mumkinligini o‘ylang.

• To‘rtburchagi yaxshimi yoki yumalog‘i?

Agar oshxona javonida joy kam bo‘lsa, dumaloq yoki oval shakldagi konteynerlardan voz keching. Ular javonda ham, muzlatgichda ham ko‘p joy egallaydi.  

• Rang va shakl

Oshxona uchun sariq, vannaxona uchun ko‘k rangdagi plastik qutilar to‘liq mos keladi. Sochiluvchi, tez to‘kiluvchi mahsulotlar uchun ko‘k qopqoqli, maktab o‘quvchisiga tushlik yoki nonushta solish uchun yashil rangdagi konteynerlardan foydalanganingiz ma’qul. Shunda siz ularni bir-biri bilan aralashtirmaysiz, ularni belgilangan xonaning belgilangan yeriga joylashtirasiz.

• Konteynerni yaxshilab ko‘zdan kechiring
Ovqat saqlash uchun idishning sig‘imiga e’tibor bering. Bunda idishning uzunligi, balandligi, chuqurligini yaxshilab ko‘zdan kechiring. Aks holda, ularga o‘zingiz bilan olib ketmoqchi bo‘lgan yeguligingiz sig‘may qoladi. Yaxshisi, bir-biridan oson ajraluvchi, bir-birining ustiga yengil o‘rnatiluvchi konteynerlarni tanlagan ma’qul. Ular javonda ham kam joy egallaydi.

• Mikroto‘lqinli pechda qizdirishga e’tiborli bo‘ling
Konteyner sotib olayotgan vaqtda uning tagiga yopishtiriluvchi yorliqlarga e’tibor bering. Ayrim plastik idishlar mikroto‘lqinli pechga solib, ovqat qizdirganda erib, o‘z shaklini o‘zgartiradi. Aslida, mikroto‘lqinli pechga plastik idishlarni solmaslik kerak. Ovqatni likopchaga solib, ana undan keyin pechda qizdiring.

•  Plastik idishni karash qoplamasin
Konteynerga hadeb ovqat solinavergani sabab ba’zida uning devorlarini sarg‘imtir karash qoplaydi, qo‘l bilan tegilganda yopishadi. Bunday bo‘lmasligi uchun idishga ovqat solishdan avval uning ichiga o‘simlik moyini surtib chiqing. Bunda o‘simlik moyi idishning ovqat rangiga bo‘yalib qolishining oldini oladi.
Agar idishda karash paydo bo‘lgan bo‘lsa, unga tarkibida xlor mavjud bo‘lgan idish yuvish vositasidan bir osh qoshiq quyib yuboring (vosita idishni to‘liq to‘ldiradigan miqdordagi suvga qo’shilishi kerak). Oradan 30 daqiqa o‘tib, konteyner qaynagan suvda chayqab tashlanadi va idish yuvish vositasi bilan yaxshilab yuvib tashlanadi.

•  Konteynerdan yoqimsiz hid kelsa...
Idishdagi “yoqimli” tarovatni iste’mol sodasi bilan yo‘qotish mumkin. Konteyner ichiga sodadan surtib chiqiladi va yaxshilab yuvilib, quritiladi. Agar shunda ham hid ketmasa, idish ichiga gazetani g‘ijimlab solib qo‘ying (idish qopqog‘i yopilib, 1-2 kunga qoldiriladi).