Podsho bilan to‘ti

  • 20:56 / 25.03.2020
  • 314

Qadim zamonda bir podsho bo‘lib, uning yaxshi ko‘rgan bir to‘tisi bor ekan. Podsho va to‘ti bir-birini ko‘rmasa turolmas ekan. To‘ti doimo podshoga mehribonlik ko‘rsatib, unga shirin so‘zlarni aytar, uni xursand qilar ekan.

Bir kuni to‘ti podshodan o‘z yurti Hindistonga borib kelishga ruxsat so‘rabdi. Podsho u ketsa xafa bo‘lib, kasallanib qolishini aytibdi. To‘ti podshoni aldamasligini, unga va’da berib, va’daga xiyonat qilmasligini tushuntiribdi. Podsho to‘tining gapiga ishonib, unga ikki haftaga javob beribdi.

To‘ti podsho bilan xayrlashib, Hindistonga uchib ketibdi. Olti kun deganda manziliga yetib borib, qarindosh-urug‘lari bilan eson-omon ko‘rishibdi. Bechora to‘ti o‘ynab-kulib, ota-onasining diydoridan bahramand bo‘libdi. U uch kunni qanday o‘tkazganini bilmay qolibdi. Qaytib borgandan keyin qafasga tushishini rosa o‘ylabdi. Qarindosh-urug‘lari saroyga qaytmaslikni maslahat beribdi. To‘ti: -Yo‘q, yana qaytmoq uchun va’da berganman, va’daga vafo qilmasam bo‘ladimi? Menga bir yo‘l ko‘rsating, oyijon. Men ham erkinlikka chiqay, ham va’damni bajargan bo‘lay,- debdi.
Ona to‘ti aytibdi: -Unday bo‘lsa men bir maslahat beraman. Bizning yurtda bir daraxt bor. Daraxtning mevasidan har qanday keksa yoshli kishi yesa, navqiron yigit yoki sohibjamol qizga aylanadi. Podshoga shu olmalardan uch donasini olib borgin. Bu bebaho mevani bersang, zora seni butunlay ozod etsa, -debdi.
Bu gap ma‘qul bo‘libdi. To‘ti uch dona olmani olib, shimol tomonga qarab uchibdi.
Olti kun deganda saroyga yetib kelibdi. Podsho bilan ko‘rishib, unga olmani beribdi. Podsho rosa xursand bo‘lib, uni ozod qilishga va’da beribdi. Olmalardan birini xotiniga berib, saqlab qo‘yishni aytibdi. Qolganini vazirga ko‘rsatish uchun likopchaga solib qo‘yibdi.
Ertasiga uni vaziriga ko‘rsatibdi va xosiyatlarini aytibdi. Vazirning bunga hasadi kelib, podshoga shunday debdi:
-Siz bu parrandaning olib kelgan narsasini yemay turing, avval bir tajriba qilib ko‘raylik, rost bo‘lsa yemoq qochmaydi, -debdi.
Bu gap podshoga ma‘qul tushibdi. Vazir qulay fursat topib, likopchadagi olmalarni zaharlab qo‘yibdi. Ertasi kuni vazir debdi:
-Endi bu mevalarni tajribada sinab ko‘raylik. Qamoqxonadan ikki nafar mahbusni olib kelib, mevalarni yedirishibdi. Ikkalasi ham shu zahotiyoq o‘libdi.
Bu xunuk voqeadan keyin bechora to‘tini kallasini tanasidan judo qilibdi. Podsho esa jahldor bo‘lib qolibdi.
Kunlardan bir kuni podsho bir odamni g‘azab ustida o‘limga buyuribdi. Bu kishi keksa ekan. Qolgan bir dona olmani unga yediribdi. Haligi odam olmani yeyishi bilanoq, oqargan sochlari tushib ketib, o‘rniga qop-qora soch o‘sib chiqibdi. Keksa kishi yigirma yoshli yigit holiga kelib qolibdi. Podshoda vaziriga nisbatan shubha uyg‘onibdi. Likopchadagi zahar izlarini ko‘rib, vaziyatni tushunib yetibdi. Vazirni esa o‘limga mahkum qilibdi. Bechora to‘tining begunoh o‘lganiga qayg‘uribdi.

Qissadan hissa shuki, hech qachon qaror qabul qilishda shoshilmang, kattalar aytganidek "yetti o'lcha bir kes" naqliga amal qiling. Shoshqaloqlik ortidam kimningdir ko'ngliga ozor berib qo'yishdan ehtiyot bo'ling!

Teglar