Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrif muddati ma’lum qilindi

  • 16:44 / 14.02.2020
  • 236

O‘zbekiston Prezidenti shu yilning iyun oyida Rossiyaga tashrif buyuradi. Moskvadagi VDNX bog‘ida joylashgan “O‘zbekiston” paviloni ham Mirziyoyevning tashrifi doirasida ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqida TIV vakili Ilhom Ne’matovga tayanib Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi 2020-yil iyun oyining ikkinchi yarmida amalga oshiriladi. 

"So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi iyun oyining ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning O‘zbekistonga tashrifi va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi davomida Rossiyaga oliy darajadagi tashrifni iyun oyining ikkinchi yarmida amalga oshirishga kelishib olgan edik", degan Ne’matov.

Ta’kidlanishicha, Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga tashrifi juda qizg‘in kechadi. Xususan, tashrif doirasida mintaqaviy forum, ta’lim forumi va media forumlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Undan tashqari Moskvadagi VDNX bog‘ida joylashgan, yaqinda ta’mirdan chiqqan “O‘zbekiston” paviloni ham Mirziyoyevning tashrifi doirasida ochilishi rejalashtirilgan.