Prezident avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridagi talon-torojliklarni tanqid qildi

  • 19:22 / 08.01.2020
  • 1160

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi

Yig‘ilishda joriy yil birinchi chorakda byudjetga soliq tushumlarini ta’minlash uchun hokimlar boshchiligida, ularning iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, moliya va soliq idoralari tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berildi.

Avvalo, yangi tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil qilish hamda faoliyatini to‘xtatgan korxonalarni tiklashga ko‘maklashish kerakligi ta’kidlandi. Buning uchun elektr, gaz, yo‘l, suv bilan bog‘liq infratuzilmani yaxshilash, yangilarini barpo etish zarur. Shu bois hokimiyatlar tomonidan oshirib bajarilgan daromadlar, birinchi navbatda, hududlarda mavjud infratuzilmani yaxshilashga yo‘naltirilishi belgilandi. 

Shuningdek, tayyor infratuzilmasi bor kichik sanoat zonalarining 263 gektar maydoni va 50 mingdan ziyod ob’yektlaridan samarali foydalanilsa, ko‘plab yangi quvvatlar tashkil etish mumkin. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda shu borada manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari har bir tuman kesimida resurs solig‘i to‘lovchilarni hamda ularning obyektlarini hisobga olish, ish o‘rinlari va tadbirkorlar faoliyatini legallashtirish bo‘yicha ham topshiriqlar berdi.  

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun qarzdorlikni qisqartirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 

Toshkent, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlari va boshqa joylarda debitor qarzdorlik ko‘paygani, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida katta miqdorda talon-torojliklar aniqlanayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarning moliyaviy ahvoliga salbiy ta’sir etishi bilan birga hududlardagi tadbirkorlarning elektr va tabiiy gaz ta’minotida uzilishlarga sabab bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbari bunday holatlarga chek qo‘yib, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorlikni qisqartirish, aholi va tadbirkorlarni ushbu manbalar bilan uzluksiz ta’minlash zarurligini ta’kidladi. 

Ma’lumki, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, “O‘zbekneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “O‘zqurilishmateriallari”, “O‘zkimyosanoat” kabi yirik korxona va tashkilotlar byudjet ko‘rsatkichlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Endilikda ulardan tushumlar yaqinda tuzilgan Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash inspeksiyasi tomonidan mustaqil yig‘iladi. 

Shuningdek, yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilariga o‘z komplekslari tarkibidagi korxonalarda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini har oyda muhokama qilib borish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.