Prezident mutasaddilarga yog‘-moy ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish vazifasini yukladi

  • 19:27 / 08.01.2020
  • 38

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi

Yig‘ilishda byudjetga tushumlarni oshirishdagi muhim bir yo‘nalish – davlat aktivlari haqida ham so‘z bordi. Unda o‘tgan yili davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan byudjetga bor-yo‘g‘i 1,6 trillion so‘m dividend to‘langanligi aytildi.
Shu bois Prezident tomonidan mutasaddilarga davlat mulki obyektlarini, jumladan, yog‘-moy va alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarni xususiylashtirish, yirik soliq to‘lovchi subyektlar bo‘yicha dividend to‘lash miqdori va davriyligini belgilash vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish uchun viloyat hokimlarining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari moliya, soliq, bojxona, bank va iqtisodiy kompleks tarkibidagi boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlarga munosib sharoit yaratish va byudjet daromadlarini oshirish bo‘yicha doimiy ishlashi zarurligi qayd etildi.