Prezident non ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yuzasidan topshiriq berdi  

  • 18:50 / 08.11.2019
  • 69

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha – 7-noyabr kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi

Yig‘ilishda ayrim viloyatlarda nonning narxi nisbatan yuqoriligicha qolayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuning uchun, Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqib, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga unni birja savdosida sotilishidan boshlab, nonni chakana savdoda sotilishigacha bo‘lgan jarayonni har kuni tahlil qilib, aholining nonga bo‘lgan kunlik ehtiyojini to‘liq ta’minlab borish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan.

Shuningdek, joylarda non ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yuzasidan barcha imkoniyatlarni qo‘llash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga kompensatsiya pullarini o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan. 

Bundan tashqari, tog‘li va olis hududlarda qish mavsumiga un va boshqa oziq-ovqat zaxirasi yaratish lozimligi qayd etilgan.