Prezident pandemiya davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir Farmonni imzolandi

  • 22:20 / 18.05.2020
  • 279

Prezident "Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi. 

Farmonga ko‘ra, 2020-yil 1-iyundan 1-sentabrgacha:

 kichik tadbirkorlik subyektlari;  
 bozorlar va  savdo majmualari;  
 kinoteatrlar;
 umumiy ovqatlanish joylari; 
 jamoat transportlari tashkilotlari; 
 sport-sog‘lomlashtirish muassasalari; 
 shuningdek, yo‘lovchilarni tashish, maishiy xizmat ko‘rsatish, yopiq joylarni ijaraga berish, shu jumladan banketlar tashkil etish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar.

mol-mulk va yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi. 

Shuningdek, kichik tadbirkorlik sub’yektlariga –

– 2020 yil 19-martdagi PF-5969-son va 2020 yil 3-apreldagi PF-5978-sonli Farmonlarga muvofiq aprel-may oylari uchun  taqdim etilgan, mol-mulk va yer solig‘ining foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) summalaridan; 

- 2020-yil 1-yanvardan boshlab 2020-yil 15-maygacha bo‘lgan muddatda yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha hisoblangan penya va jarimalardan voz kechiladi.

 Tadbirkorlar uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni)ni olib kirishda (import) qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 120 kungacha kechiktirish huquqi beriladi. 

2020-yil 1-maydan 1-iyulgacha mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga pasaytiriladi. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan davlat korxonalari va yuridik shaxslar bundan mustasno.  

Mikrofirma va kichik korxonalarning aylanma mablag‘lari kamayishining oldini olish maqsadida 2020-yil 15-may holatiga  soliq qarzlari va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun penya va hisoblangan jarimalar bo‘yicha qarzdorliklarini undirish 2020-yil 1-sentabrgacha to‘xtatiladi. 

 Davlat soliq xizmati organlari 2020-yil 15-may holatiga ularning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini o‘tkazish va yechib olish bo‘yicha inkasso topshiriqnomalarini qaytarib oladi.

 Soliq to‘lovchilar 15-may holatiga bajarilmagan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha to‘lov topshiriqnomalarini qaytarib olish huquqiga ega.