Qahva, alkogol, shokolad: global isish tufayli qaysi biri yo‘qolib ketadi?

  • 16:46 / 08.10.2019
  • 780

Global isish butun sayyora uchun tahdid solmoqda. Bu nafaqat kutilmagan ob-havoning yuzaga kelishi bilan, balki muzliklarning erishi va ko‘plab turlarning yo‘q bo‘lib ketishi, shuningdek, aholi ratsionidagi o‘zgarishlar bilan ham bog‘liq. Bularning barchasi quruq va uzoq davom etayotgan yoz faslida qishloq xo‘jaligi hamda ma’lum bir mahsulot ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Asrning oxiriga kelib odamlar ratsionida qahva yoki shokolad kabi mahsulot bo‘lmaydi. Iqlim o‘zgarishi yana qanday mahsulotlar “yo‘q bo‘lib ketish”iga sabab bo‘ladi? Quyidagilardan buni taxmin qilib ko‘rsa bo‘ladi.

Kartoshka

2050-yilga kelib qovurilgan frini unutishimiz mumkin. Chunki bu davr kartoshka mahsuloti uchun keskin kamayish davri bo‘lib, undan foydalanish dargumon.

O‘tgan yili kuchli qurg‘oqchilik tufayli kartoshka hosildorligi 25 foizga kamaydi. Bu so‘nggi 60 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich, ammo olimlarning ta’kidlashicha, bundan keyin vaziyat yanada yomonlashadi.

Buyuk Britaniya iqlim koalitsiyasi mutaxassislarining fikriga ko‘ra, 30 yil ichida mahalliy yerlarning to‘rtdan uch qismi kartoshka yetishtirish uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi va hosil olish 80 foizga kamayadi. Dunyoning qolgan qismida ham bu holat kuzatiladi.

Shokolad

2050-yilda shokolad tayyorlashda ishlatiladigan loviya hosilini beruvchi kakao daraxtlari yo‘qoladi, degan qarash ham yo‘q emas (ular sayyoramizning eng issiq joylarida o‘sayotganligini hisobga olganda ham).

Kakao daraxtlari juda “injiq”. Ular o‘sish uchun muntazam ravishda yog‘ingarchilik, yuqori namlik, shamoldan himoyalanish va barqaror yoritilishga muhtoj. Hozircha ushbu shartlarning barchasi kakao loviyasi yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi ikki mamlakat – Kot d’Ivuar va Ganada mavjudligi kuzatilmoqda.

Ammo isish tufayli ushbu issiq joylarda harorat deyarli 4 darajaga ko‘tariladi. Natijada fermerlar o‘zlarining barcha ekin maydonlarini tog‘larga ko‘chirishga majbur bo‘lishadi. Chunki hudud kakao daraxtlarini o‘stirish uchun mos kelmay qoladi. Shokolad yetishmasligi 2014-yilda bashorat qilingan edi. Har yili vaziyat yomonlashmoqda. Olimlarning fikriga ko‘ra, 2020-yilda tanqislik 1 million tonnani, 2030-yilda esa 2 million tonnani tashkil etadi.

Ushbu yo‘qotish qanchalik ayanchli ekanligini anglab yetish uchun shokoladning foydali xususiyatlari haqidagi maqolani o‘qishingizni tavsiya qilamiz. Ushbu mahsulotning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi haqiqatan ham odamlarning sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Qahva

Global isish qahva plantatsiyalariga ham salbiy ta’sir qiladi. Avstraliyaning iqlim instituti xodimlari vaziyat o‘zgarmasa, XXI asr oxiriga kelib, yerda bitta ham qahva tupi qolmasligini ishonch bilan ta’kidlashmoqda.

Buning sababi shundaki, harorat ko‘tarilishi plantatsiyalarga ta’sir qiladigan qo‘ziqorin kasalliklarining rivojlanishiga olib keladi. Shu bilan birga, qahva daraxtlariga hujum qiladigan zararkunandalar bunday muhitda o‘zlarini juda qulay his qilishadi. Natijada kofe hosiliga ikki karra zarba bo‘lib tushadi.

2012-yilda Markaziy Amerikada keskin isish tufayli qahva daraxtlari o‘stirilgan qishloq xo‘jaligining katta qismi nobud bo‘lgan. Birgina Gvatemalada ishlab chiqaruvchilar hosilning 85 foizidan mahrum bo‘lishdi.

Spirtli ichimliklar

Sharqiy Angliya universiteti mutaxassislari Xitoy, Meksika va AQSh olimlari bilan hamkorlikda tadqiqot olib borishdi va global isish arpa hosildorligini pasayishiga olib kelishi mumkinligini aniqladi. Ma’lumki, arpa mahsuloti pivo tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. Yaqinlashib kelayotgan inqirozni hisobga olsak, kelgusi oylarda bu mast qiluvchi ichimlikning ishlab chiqarilishi 16 foizga kamayadi va bu deyarli 30 milliard litrni tashkil etadi. Tabiiyki, bu pivo narxining oshishiga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ekstremal ob-havo sharoiti konyak ishlab chiqarishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Konyak ishlab chiqaruvchilari o‘ta issiq yoz ichimlikning ta’mini o‘zgarishiga olib keladi, – deb shikoyat qilishmoqda, chunki uzum juda kam kislotalilik bilan pishib yetiladi. Isish sur’atini hisobga oladigan bo‘lsak, konyak 30 yildan keyin yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Yoki iste’molchilarning o‘zlari bundan oldinroq voz kechishadi, chunki bora-bora ichimlikning ta’mi mutlaqo boshqacha bo‘ladi.

Baliq

Okeanlarning isishi tufayli suvda erigan kislorod miqdori sezilarli darajada kamayadi va bu o‘z navbatida baliq turi kamayishiga olib keladi. Keyingi bir necha o‘n yilliklar mobaynida dengiz va okeanlarning baliqlar hajmi chorakka qisqaradi.

Bu o‘rinda chiqindilarning ushbu jonzotlar hayotiga salbiy ta’sirini ham ta’kidlash kerak. Mayda plastmassa baliq uchun qanchalik xavfli ekanligi haqida turli fikrlar bor. Plastmassa ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarida, kosmetika vositalarida, hatto ichimlik suvida ham uchraydi.

Teglar