Qanday holatlarda soliqlarni kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin?

  • 16:09 / 14.01.2020
  • 282

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi imzolanib, matbuotda e’lon qilindi. Joriy yil 1-yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida ko‘plab o‘zgarish va yangiliklar ko‘zda tutilgan.

Shunday yangiliklardan biri — Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan bir qator maxsus soliq rejimlari bekor qilingani bo‘ldi. Ya’ni, kodeksga tadbirkorlik subyektlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov o‘rniga ijtimoiy soliq, yagona soliq to‘lovi o‘rniga – aylanmadan soliq, qat’iy belgilangan soliq o‘rniga — jismoniy shaxslarning daromadlariga, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilgari berilgan imtiyoz va soliqni hisoblash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, qat’iy belgilangan miqdorda soliq joriy etildi.

Shu bilan birga, tadrbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida pulli yoki bepul asosda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ (komissiyalar) ishtirokisiz soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishning yangi shaffof mexanizmi joriy qilindi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqlar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqlar bo‘yicha — Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Bunday soliqlarga nisbatan to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ikki yilgacha muddatga berilishi mumkin.

Bundan tashqari, soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati tadbirkorlik subyektlariga tabiiy ofat, texnologik falokat yoki boshqa bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar natijasida zarar yetkazilganda hamda byudjetdan (davlat maqsadli jamg‘armalaridan) moliyalashtirish kechiktirilgani yoki davlat ehtiyojlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari uchun bajarilgan ishlar va (yoki) ko‘rsatilgan xizmatlar haqini to‘lashga kechiktirilgan bo‘lsa, qarz summasiga foizlar hisoblanmaydi.

Agar tadbirkorlik sub’yektlari soliqni biryo‘la to‘lashi oqibatida uning nochorligi (bankrotligi) alomatlari paydo bo‘lishi xavfi yuzaga kelgan, mulkiy holati soliqni biryo‘la to‘lash imkoniyatini istisno etishi, tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish mavsumiy xususiyatga ega ekani hamda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilishi munosabati bilan bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish asoslariga ko‘ra berilgan bo‘lsa, ularga Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasiga teng stavkadan kelib chiqqan holda, qarz summasiga foizlar hisoblanadi.

Avvalgi soliq kodeksida insofli soliq to‘lovchilarga soliq ta’tillari, shuningdek soliq qarzini to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Hukumat yoki u vakolat bergan organ tomonidan berilgan edi. Bu esa, o‘z navbatida, soliqlarni to‘lashni kechiktirish huquqini olish uchun soliq to‘lovchilarga ovoragarchilik va noqulayliklar keltirib, ortiqcha qog‘ozbozlik talab qilar edi. Shu sababli, keyingi uch yil ichida soliqlarni kechiktirish huquqidan hech qaysi tadbirkorlik subyekti foydalanmagan.