Qanoatli chumoli

  • 20:52 / 21.05.2020
  • 82

Kunlardan bir kun chumoli yo‘lda ketayotib bir kishiga yo‘liqibdi. U odam barcha qushlar va jonzotlar tilini bilarkan.
– Nega boshing bunchalar katta? – deb so‘rabdi odam chumolidan.
– Nimagaki boshim aql-zakovatga to‘la, – deb javob beribdi chumoli.
– Nega beling bu qadar ingichka? – yana so‘rabdi odam.
– Chunki juda kam ovqat yeyman, – debdi chumoli.
– Xo‘sh, qancha ovqat yeysan? – so‘rashda davom etibdi odam.
– Bitta bug‘doy doni menga bir yilga yetadi, – deb javob qaytaribdi chumoli.
– Ko‘ramiz, bitta bug‘doy doni bir yilga yetarmikin, yo‘qmi, — debdi odam va qalpog‘ining astarini ochib ichiga chumoli bilan bir dona bug‘doy donini solib qo‘yibdi.
Oradan bir yil o‘tibdi. Odam chumoli haqida butunlay unutib yuboribdi. Ikkinchi yil tugay deganida birdan chumoli bilan kelishuvi esiga tushibdi. Qalpog‘ining astarini ochib ko‘rsa, chumoli hamon o‘tirganmish, yonida yarimta bug‘doy doni turganmish.
– Bitta bug‘doy doni menga bir yilga yetadi deganding, ikki yil o‘tsa ham zaxirangda donning yarmi turibdi-ku, – debdi hayratlanib odam.
– Meni qalpog‘ining ichiga tiqib qo‘ygan tentak umuman esidan chiqarvorsa kerak deb o‘ylab, ochdan o‘lmaslik uchun bug‘doy donini to‘rt qismga bo‘lgandim, – javob qaytaribdi chumoli.