Qon bosimingiz oshdimi? Nima qilish kerak? 

  • 18:00 / 13.02.2020
  • 821

Ba’zida shunday bo‘ladiki, qon bosimingiz birdan oshib ketadi. Aksiga olib, qo‘lingizda hech qanday dori yo‘q. Nima qilish kerak?  

1-tez yordam: Chuqur nafas olish
Chuqur nafas olib-chiqarish qon bosimining ortishiga sabab bo‘ladigan stress miqdorini pasaytirishga yordam beradi. Buning uchun chuqur-chuqur nafas olib, chiqarish kerak. Bunda har bir nafas olish va chiqarishlarning chuqurligi 5 soniyani tashkil qilishi lozim. Nafas olishlarni bir necha marotaba takrorlang va har bir nafas olish va chiqarish o‘rtasidagi tanaffus 5-8 soniya bo‘lishi kerak. Bunday chuqur nafas olishlar qon aylanishini yaxshilaydi, tomirlar kengayib, bosim tushadi.

2-tez yordam: Qo‘llarni sovuq suvda tutib turish
Bir necha daqiqa davomida qo‘lingizni sovuq suv ostida tutib turing. Bu yurak qisqarishlari sonini kamaytirib, qon bosimini pasaytirishga yordam beradi.

3-tez yordam: Oyoq-qo‘llar uchun issiq vanna
Qon bosimi ko‘tarilgan vaqtda oyoq-qo‘ldagi tomirlar torayadi. Ularni kengaytirish uchun issiqroq vannacha tayyorlab (suvning harorati 45 daraja issiqlikni tashkil qilishi kerak), unga qo‘l-oyoq solib o‘tiriladi (10 daqiqa davomida). Qon-tomirlar kengayib, qon yurishadi va bosim pasayadi.

4-tez yordam: Yalpizli choy ichish
Yalpiz tabiiy antistress mahsulotdir. Uyingizda qurutilgan yoki qadoqlangan yalpiz bo‘lsa, unga qaynagan suv quyib, 10 daqiqa davomida damlang. So‘ng suzgichdan o‘tkazilib, biroz sovutib iching. Unga biroz shakar yoki asal qo‘shsangiz ham bo‘ladi. Yalpizli damlama stressni kamaytirib, qon bosimini tushiradi.         

5-tez yordam: Valeriana damlamasini ichish
Tarkibida valeriana o‘ti bor bo‘lgan giyohli damlama ichish ayni muddao bo‘ladi (faqat karvalol ichmang. U insonni tez o‘ziga o‘rgatib qo‘yadi). 

6-tez yordam: Bozillatma qo‘yish
Bir necha qavat dokani olma sirkasida ho‘llab, oyoq kaftiga 10-15 daqiqaga qo‘yiladi. Vaqt o‘tib qon bosimingiz sezilarli darajada tushganini his qilasiz.

Yodda tuting!
Yuqoridagi tavsiyalarni vaziyatga qarab qo‘llash maqsadga muvofiq. Har qanday vaziyatda ham avvalo tez yordam chaqirish kerakligini unutmang.