Qoraqalpog‘istondagi Shaytonqal’ada shayton borligi rostmi?

  • 21:51 / 27.11.2019
  • 2071

Qoraqalpog‘iston hududidagi sirli maskanlarning biri bu Borsakelmas sho‘rxokligidagi Shaytonqal’adir. Ushbu joydagi olisdan ko‘zga goh ko‘rinib, goh g‘oyib bo‘lib ketadigan qal’a to‘g‘risida mahalliy aholi orasida qiziqarli rivoyatlar necha asrlardan buyon og‘izdan og‘izga o‘tib kelmoqda.

Avvalo, Qoraqalpog‘istondagi yirik tuz koni bo‘lgan Borsakelmas sho‘rxokligi to‘g‘risida aytib o‘tsak. 
Bu Borsakelmas sho‘rxokligining Orol dengizi markazidagi Borsakelmas oroliga bog‘lik jihati yo‘q. Umuman bu tuz konining Orol dengiziga aloqasi yo‘q. Borsakelmas sho‘rxokligi bundan 21 million yil avval yo‘q bo‘lib ketgan Tetis ummonining qoldig‘idir. Uzunligi 90, eni 50 km.gacha boradigan mazkur tuz konidan hozirda Qo‘ng‘irot tumani hududida joylashgan “Qo‘ng‘irot soda zavodi”ga xomashyo yetkazib beriladi.

Borsakelmas nomi aynan Shaytonqal’a atrofidagi rivoyatlarga bog‘liqdir. 
Aytishlaricha, Shaytonqal’aga ko‘p miqdorda oltin ko‘milgan. Necha asrlardan buyon ushbu oltinlarga ega bo‘lish ishtiyoqida u yerga borishga otlangan ko‘plab odamlar izsiz g‘oyib bo‘lgan, qaytib kelmagan. Shuning uchun “borsang, qaytib kelmaysan” degan gap tarqab, mazkur joyga shunday nom berilgan.


Borsakelmasdagi ushbu qal’a Qoraqalpog‘istondagi tarixiy maskanlarni ilk bor tadqiq qilgan mashhur rus arxeologi Sergey Tolstovning ham e’tiborini tortgan. U o‘zining  “Qadimiy Xorazm tamadduni izidan” (По следам древнехорезмийской цивилизации) asarida shunday deydi: “Orolga qirg‘oqdan deyarli yetib bo‘lmaydi. Tuz qobig‘i bilan qoplangan chuqur botqoqdan piyoda ham, qayiqda ham o‘tish qiyin.  Mahalliy aholi bizga u yerda qandaydir sirli qal’a borligini va qal’ada tunda chiroqlar yonishini, u joyga qadimda bir podshoh mo‘l xazina ko‘mganligini aytishdi. “Shaytonqal’a”ning sirini ochish arxeologlar uchun qiziqarli mavzuga aylandi. 

Aytish joizki, biz ilk bor Borsakelmas sho‘rxokligiga uchganimizda, barchamiz biroz hayratlandik. Buyuk tuz salatanati bizda unutilmas taassurot qoldirdi. Oppoq qor kabi cho‘zilib yotgan ulkan kenglikda ikkita qora dog‘, ya’ni Katta va Kichik Shaytonqal’a oroli ko‘zga tashlandi. Orolga yaqinlashdik. Oldimizda stolning balandligiday keladigan kichik orolchalar turardi. Biz shu orolning ustidan 50 metrgacha pastlab 3 marta o‘tdik. Sun’iy qurilishi izlari yo‘q. Shaytonqal’a rivoyatlarda aytilganidek, odamlar tomonidan qurilmagan. Bu tabiat o‘yinidir. Tosh qoldiqlarining g‘aroyib ko‘rinishlari va qirg‘oq chiziqlari haqiqatan ham vayronalar kabi taassurot uyg‘otadi”.

Demak, Shaytonqal’ada goh ulg‘ayib, goh ko‘rinmay qoladigan qal’a atigi sarobdir. Lekin, asrlar mobaynida oltin izlab botqoqlikka cho‘kib ketgan odamlar to‘g‘risidagi afsonalarning qanchalik haqiqatga yaqin ekanligi sirliligicha qolib ketmoqda.

Er Sulton