Qoraqalpog‘istondan 6 metrlik “odam” topilgani rost…mi?

  • 22:08 / 07.11.2019
  • 2615

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hududidagi Aqchaxanqal’a tarixiy yodgorligidan topilgan 6 metrlik odamning tasviri tushirilgan devoriy surat keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur topilmaning ahamiyati esa butun dunyoda arxeologiya sohasidagi yirik yangilikdir.
Joriy yil sentabr oyida Aqchaxanqal’a hududida Qoraqalpog‘iston – Avstraliya ekspeditsiyasi hamkorlikda ish olib borayotganiga 25 yil to‘ldi. Shu yillar ichida qazishmalar paytida birnecha bor olamshumul topilmalar topildi. 

Sidney universiteti professori, Qoraqalpog‘iston – Avstraliya ekspeditsiyasi ko-direktori, arxeolog Alison Bettsning ta’kidlashicha, Aqchaxanqal’a eng noodatiy devor rasmlari mavjud bo‘lib, dunyodagi eng buyuk dinlardan biri bo‘lgan zardushtiylikning yangi erta tarixi kashf qilindi. Qazish jarayonida qal’a markazidagi shimol koridordan devor rasmlari topildi. Bu rasmlar nihoyatda ahamiyatli bo‘lib, unda g‘oyat katta hajmdagi (6 metr) Zoroastrizm xudolarining, bog‘ va qushlarning rasmi tasvirlangan. Shuningdek, bu joydan er kishilarning va otlarning rasmlari ham topildi. Fragmentlar topilgan “katta zal”ning uzunligi 20 metrni, balandligi 10 metrni tashkil qiladi.
Aqchaxanqal’ada olib borilgan 25 yillik tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi qadimgi davrlardan buyon buyuk sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lib kelgan va qadimgi Akchaxanqal’a o‘zi eramizning boshlariga qadar ulkan davlatning poytaxti bo‘lgan, - deydi qoraqalpog‘istonlik mashhur arxeolog Gʻayratdin Xojaniyazov. – Shaxsan o‘zim 1982-yilda Qizil qal’ani qazayotgan paytimda, shu hududda istiqomat qiluvchi Guzenbay og‘aning ko‘rsatmasi bilan Aqchaxanqal’aga diqqat qarata boshladim. 1992-yilda bu yerga Sidney universiteti professori A.Bettsning kelishi qal’ani yanada batafsil o‘rganishimizga sabab bo‘ldi.  Ya’ni, biz 1995-yilda uning rahbarligida qal’ada (V. Yagodin, I. Noviskiy, A. Betts va men) qazish ishlarini boshlab yubordik. Aqchaxanqal’aning hududini 1920-1930-yillarda Qozog‘istonda ocharchilik oqibati tufayli Ustyurtdan tushib kelgan aqtobelik qozoq qarindoshlar makon qiladi va bu joy “Qazaqli yotgan” deb nomlana boshlaydi. Ular marhumlarni ushbu tepalikdagi Aqchaxanqal’aga dafn qilgan. Biz qazish davrida shunday birnecha qabrni uchratdik.

Amudaryoning o‘ng tomonidagi bu katta qal’aning nomi to‘g‘risida esa qator manbalar mavjud. 1910-1912-yillarda shu hududda tadqiqot ishlarini olib borgan rossiyalik tuproqshunos N.A. Dimoning yozma manbalarida u “Ayoz qal’a bilan Qizilqal’a va Aqchaxanqal’aning o‘rtasi madaniy-tarixiy esdaliklarga juda boy ekan”, deb bu muqaddas tuproqni Aqchaxanqal’a, deb ataydi. O‘rta asr yozma manbalarida Qadimgi Xorazmning paytaxti “Darjas” bo‘lgan degan ham ma’lumot bor. Demak, bul qal’a nomi “Darjas” bo‘lishi ham mumkin.
Aqchaxanqal’aning tarixi to‘g‘risida aytganda dastlab 1937-yilda Moskva Fanlar akademiyasi huzurida Tolstov ekspeditsiyasining ochilganligini ta’kidlash joiz. Mazkur ekspedisiya 1945-yilgacha Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi deb nomlangan bo‘lsa, undan buyon mustaqillik yillarigacha Jdankoning rahbarligidagi etnografik ekspedisiya deb nomlana boshladi. Mazkur ekspeditsiya shu yillar mobaynida Qoraqalpog‘iston territoriyasida, jumladan, Aqchaxanqal’aning tarixi bo‘yicha faoliyat olib bordi. Shuningdek, qal’ani Andriyanov, Gʻulomovlar ham o‘rganib, mazkur yodgorlik tarixini miloddan avvalgi II, III IV asrlardagi Kushan davri bilan bog‘laydi.

Er SULTON

(Maqolada keltirilgan muallif fikrlari sayt nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin)