Qozog‘istonda o‘zbekistonlik yo‘lovchilar bor bo‘lgan 2 ta avtobus buzilib qoldi

  • 16:18 / 13.02.2020
  • 271

Joriy yilning 12-fevral kuni Qozog‘iston Respublikasi Qizil-O‘rda – Pavlodar yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan mikroavtobus Pavlodar viloyati hududida nosozlik tufayli to‘xtab qolgan. Mikroavtobus yo‘lovchilarining 19 nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi saytida Konsullik huquqiy-departamenti ma’lum qilgan.

Xuddi shunga o‘xshash holat 2020-yilning 11-fevral kuni aynan Qozog‘iston Respublikasining Samara – Chimkent yo‘nalishida ro‘y bergan. Avtobus Aqtobe viloyati hududida buzilib qolgan, undagi yo‘lovchilardan 20 nafari O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Elchixona axborotida keltirilishicha, nosozlikka sovuq ob-havoda avtobus yonilg‘isining muzlab qolishi sabab bo‘lgan.

Ikkala vaziyatda ham hech kim jabrlanmagan, tibbiy yordamga ehtiyoj sezilmagan. Qozog‘istonning yo‘l politsiyasi va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha organlari xodimlarining tezkor yordami bilan transport vositalari ta’mirlangan va yo‘nalishini davom ettirgan, deyiladi xabarda.

Shuningdek, TIV Konsullik-huquqiy departamenti yana bir bor O‘zbekiston fuqarolari avtobus yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishki vaqtda Qozog‘istonga kirishda yoki uning hududidan o‘tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko‘rish zarurligini eslatgan.