Qozog‘istondagi toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekiston FVVdan qariyb 1,5 ming xodim jalb qilingan

  • 12:40 / 18.05.2020
  • 316

Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maktaaral tumanida tinimsiz suv so‘rib olish ishlari olib borilishi natijasida suv ostida qolgan yerlar o‘tgan kun davomida 1 100 gektarga, jami 3 100 gektarga kamaydi, deb xabar bermoqda Kazinform.

Qayd etilishicha, Nurlijol, Firdavsiy, O‘rgebas, Dostiq va Jenis aholi punktlaridagi 1 030 ta uy hovlisidan suv to‘liq chiqarib yuborilgan. 56 hovli va bog‘ uchastkalari hali ham suv ostida.

“Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari kun-u tun davom etmoqda. Bunga Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligidan jami 1 475 kishi, 219 ta transport vositasi, 13 ta suzish vositasi va 207 ta motopompa jalb qilingan”, deyiladi xabarda.

Bugungi kunga qadar 6,2 million kubometrdan ortiq suv so‘rib olingan. Jami 22 km vaqtinchalik to‘g‘onlar qurilib, 87 mingdan ortiq qop taxlangan, suvni burib yuborish uchun 3 ta kollektor o‘rnatilgan.