Respublika ginekologiya markazining katta miqdordagi pullari talon-toroj qilindi

  • 18:03 / 08.11.2019
  • 31

“Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi”dagi kirdikorlar fosh etildi. Bir guruh mansabdorlar 15 mlrd. so‘mdan ortiq pulni “uxlatib” ketgan. Ularga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi”da Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tekshiruv o‘tkazildi. Bu haqida Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

15 mlrd. so‘mdan ortiq pul “o‘g‘irlangan”

Tekshiruvda markazning mansabdor va moddiy javobgar shaxslari, “Davr bank”ning Yunusobod filiali, “Ipak yo‘li” bankining Mirzo Ulug‘bek filiali xodimlari hamda “T.S”, “S.F” MChJlari mansabdor shaxslari, “X.U” va “S.P.” xususiy korxonalari rahbarlari noqonuniy daromad orttirish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirib, 2018 – 2019-yillar davomida markazning jami 15,3 mlrd. so‘m pul mablag‘larini talon-toroj  qilganliklari  aniqlandi.

Hozirda tergov ishlari boshlab yuborilgan

Hozirda “Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi” mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib,  tergov harakatlari olib borilmoqda.