Respublikaning barcha hududlarida “Yoshlar texnoparki” tashkil qilinadi

  • 17:47 / 14.01.2020
  • 102

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qaror loyihasida keltirilishicha,  O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich yuridik shaxs maqomiga ega mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yoshlar texnoparki” direksiyasi tashkil etish taklifiga rozilik berilishi kutilmoqda.

Bunda, Texnopark “Yashnobod” innovasiya texnoparkining hududiy bo‘linmasi deb hisoblanadi va “Yashnobod” innovasiya texnoparki rezidentlarining joylashuvini eksterritoriallik O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida amalga oshiriladi.


Quyidagilar esa Texnopark faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilanadi:

hududlarda Yoshlar akademiyasining faoliyatini rivojlantirish hamda mahalliy hokimiyat organlari, ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlarni ilmiy va ijodiy salohiyatini oshirish;

hududlarda yoshlarning analitik fikrlash, ularni ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning o‘z intellektual salohiyatini namoyon qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratish;

yoshlarning startap-loyihalarni rivojlantirish va ularni amalga oshirish uchun yagona maydon tashkil etish orqali hududlarning innovatsion salohiyatini oshirish;

zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash, shuningdek, hududlarni sifatli yuqori texnologiyali mahsulotlar va xizmatlar bilan ta’minlash maqsadida ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish integrasiyasini chuqurlashtirish;

iqtidorli yoshlarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga ko‘maklashish;

yetakchi kompaniyalar vakillari, malakali mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida treninglar va master klasslarni, shuningdek, yoshlarda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish va ishlab chiqaruvchilar bilan innovatsion-korporativ aloqalarni yo‘lga qo‘yish maqsadida ilmiy-texnik konferensiya, seminar, o‘quv kurslari va treninglar tashkil etish;

iqtidorli yoshlar tomonidan taklif etilgan dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha loyihalarni saralash hamda Innotvasion rivojlanish vazirligi tomonidan mavzuga oid grantlar berish yuzasidan e’lon qilib boriladigan tanlovlarga yo‘naltirish;

ilmiy - texnik, innovatsion hamda startap - loyihalarni amaliyotga joriy etish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining ilmiy xodimlari, o‘qituvchi-professor va talabalarini shartnoma asosida jalb qilish.

Eslatib o‘tamiz, mazkur Qaror loyihasi joriy yilning 29-yanvariga qadar muhokamada bo‘ladi.