SSV: Ayrim turdagi notibbiy xizmatlar xususiy sektorga beriladi

  • 16:38 / 14.01.2020
  • 24

“O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasidagi tashkilotlarda autsorsing xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar qildi.

Qarorga muvofiq, SSV tuzilmasidagi tashkilotlarda quyidagi xizmatlar autsorsing (shartnoma asosida tashqi manbalardan, ya'ni autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar xizmatidan foydalanish)ga o‘tkaziladi:

Notibbiy xizmat turlari:

• mijozlarni ovqat bilan ta’minlash;
• kir yuvish xizmati;
• bino va inshootlarni saqlab turish, shuningdek, ularni muhandislik-texnik tizimlariga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash.

Tibbiy xizmat turlari:

• tibbiy buyumlarni zararsizlantirish.

Mazkur ro‘yxatda keltirilmagan xizmatlar autsorserga davlat tibbiyot tashkilotining tashabbusi asosida SSV bilan kelishilgan holda o‘tkaziladi.

Qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, autsorsing xizmatlariga (mijozni ovqat bilan ta’minlash xizmatidan tashqari) haq to‘lash miqdorlari SSV tuzilmasidagi tashkilotlar tomonidan tegishli xizmat tannarxiga autsorserning xarajatlarini qoplash maqsadida 20 foizgacha ustama haqni hisobga olgan holda belgilanadi.