SSV 5-qavatdan tushib ketgan bolakayning ahvoli haqida ma’lum qildi

  • 19:48 / 14.01.2020
  • 844

Ijtimoiy tarmoqlarda 14-yanvar kuni Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarning birida 5-qavatda yosh bola osilib qolgani va pastga tushib ketgani aks etgan video tarqaldi.  
Mazkur holat yuzasidan SSV Matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berdi. 
Unga ko‘ra, 14-yanvar soat 16:18 da Olmazor tumani Beruniy dahasi 3-blok 135-xonadondan chaqiruv bo‘lgan. Tez tibbiy yordam mashinasi o‘z vaqtida yetib borgan. Unda 3 yoshu 11 oylik A.X. uyda yolg‘iz qolganligi sababli o‘ynab, derazadan chiqib ketgan, lekin uni aholi ko‘rib, pastda adyol tutib ushlab qolgan.

“Tez tibbiy yordam guruhi 7 daqiqa ichida yetib borgan, birinchi yordam voqea joyida ko‘rsatilgan, zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan; ayni paytda malakali shifokorlar tomonidan unga sifatli davo choralari qo‘llanilyapti. Og‘ir jarohat olmagan. Bosh miya chayqalishi deb birlamchi tashxis qo‘yilgan. Ahvoli hozir barqaror”, deyiladi SSV axborotida.