Safar taassurotlari: Tojikiston. Dushanbe shahri

  • 16:33 / 21.08.2019
  • 858

Bolaligimdan buyon hamma Tojikiston Alyuminiy zavodi — TALKOning O‘zbekiston ekologiyasiga yetkazayotgan zarari haqida gapiravergani uchun Tojikiston deyishsa, birinchi bo‘lib, shu zavod ko‘z o‘ngimda gavdalanar edi. Keyinchalik internet sahifalarida va televizorda qo‘shni davlatning chiroyli manzaralarini, tabiatini ko‘rib, ushbu mamlakatga borish fikri uyg‘ongan. Mana nasib qilgan ekan onajonim bilan birgalikda Tojikiston taraflarga sayohat qilib qaytdik. 

Tojik tilini bilganim uchun, tabiiyki, mamlakat aholisi bilan muloqot qilish umuman qiyinchilik tug‘dirmadi. Bu esa menga mahalliy aholi va ularning turmush tarsi haqida ko‘p ma'lumotlarga ega bo‘lishimda qo‘l keldi. Quyida ular bilan qisqacha tanishtiraman. Yo‘l ocherki qiziqtirsa, oxirigacha o‘qing.

Tojikistonda bizning mintaqamizga nisbatan namgarchilik yuqori. Chegaradan o‘tib, mashinaga o‘tirishingiz bilan boshingizga og‘riq kirishi mumkin;

Yo‘llarda ham, shahar markazida ham daraxtlar, gullar juda ko‘p. Hamma joy soya, salqin. Ruxsatsiz, hatto uydagi daraxtni ham kesish mumkin emas;

Tunnel (yerosti yo‘laklari)ga tushsangiz, alohida bir olam. Judayam chiroyli. Eng chiroyli gul va idishlar do‘konlarini aynan tunnellarda uchratdim. (O‘zimizda ham shunday manzaraga duch kelishni juda istardim);

Pul birligi "samoni". O‘zimizning 100.000 so‘mimiz ularning 100 samoni atrofida bo‘lar ekan;

Ko‘chalarda, yo‘llarda mamlakat Prezidentining rasmi juda ko‘p uchraydi. Bu uning yuzini aholining yaxshiroq eslab qolishiga xizmat qiladi, deyishdi;

Mashina (avtomobil)lar anchagina arzon. Yangi "Nexia" avtomobilini o‘zimizning so‘mda 30 mln.gacha xarid qilish mumkin;

Kiyim-kechak ham arzon, ammo maishiy texnika va oziq-ovqat ancha qimmat. Masalan, bitta tarvuzning narxi o‘rtacha 25-35 000 so‘m.

Aholi soni kam. Universitetga oliy ma’lumot olish uchun hujjat topshiradiganlar esa sanoqli. Shu sababli u yerga chegaradosh davlatlardan minglab talabalar qabul qilinadi. Shartnoma puli to‘lansa, bas. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish —  o‘zimizdagidek murakkab emas;

Aholining ko‘pchilgi o‘zbek tilini biladi, o‘zbekcha qo‘shiqlar tinglashadi, bizning telekanallarimizni kuzatib boradi;

Ayollarining 90 foizi ro‘mol o‘rab, ko‘ylak-lozimda yurishadi. Ayollar orasida yaltiroq matolarga, ajralib turadigan taqinchoqlarga qiziqishi baland;

Universitetlarida har bir fakultet uchun alohida forma joriy qilingan. Hamma talabalar ushbu qoidaga qat’iy amal qiladilar. Qiziqsinib, Sadriddin Ayniy nomli universitetga borib, buning guvohi bo‘ldim. Bizning Oliy ta’lim tizimimizda “dress code” bahsli masala bo‘lib turganida — men uchun, bu albatta qiziq edi;

Jamoat transportlaridan — metro yo‘q. Trolleybus va taksilar bor. Avtobuslar esa faqat maxsus yo‘l chiptasi borlar uchungina harakatlanadi.

Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo u tomonlarga endi borayotganlar uchun qizig‘i qolmasligidan qo‘rqaman. Muhimi, qo‘shni yerlar borib sayohat qilishga arziydi. Odamlari samimiy va mehmondo‘st. Nasib qilib borsangiz, bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. 

Manzura Sayfiddinova