Samarqand shahri ham yopiladi

  • 16:37 / 26.03.2020
  • 200

2020-yil 27-mart kuni soat 06:00 dan boshlab Samarqand shahriga barcha hududlardan kirish har qanday transport vositalari (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) uchun to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat Hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Samarqand shahriga kirishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarda, shuningdek, Samarqand shahrida doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga, Samarqand shahrida joylashgan mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini olib borayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, 27-mart kuni soat 06:00 dan boshlab Samarqand shahri hududida tramvay va avtobuslar harakati to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, viloyat hokimligi Shahar hududiga kirishga qo‘yilgan cheklovlarga va karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi haqida ogohlantiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 27-mart sanasidan Andijon shahri ham yopilishi haqida xabar bergan edik.