Sayyoramizning yetib borish qiyin bo‘lgan maskanlari

  • 11:19 / 20.08.2019
  • 785

Bir hafta suzib yetib borish mumkin bo‘lgan orolar, hech qanday yo‘l olib bormaydigan baland tog‘larda joylashgan orollar, abadiy muzlikda joylashgan tadqiqot stansiyalari — ular inson deyarli yetib borishi mumkin bo‘lmagan maskanlardir.

Gasadalur qishlog‘i, Farer orollari

1. Inson qo‘li tegmagan tabiat manzaralari sayohatchi uchun mashaqqatli yo‘ldan so‘ng beriladigan mukofotdir.

2. Farer orollarida joylashgan mo‘'jazgina Gasadalur qishlog‘iga 2004 yilga kelibgina mashinada borish imkoniyati paydo bo‘ldi — qoya orqali tunnel qazildi. Bungacha esa qishloqqa boish-kelish uchun baland tog‘lar orqali og‘ir yo‘l bosish lozim edi (qishloq hamma tarafdan tog‘ bilan o‘ralgan).

3. 2012 yilda qishloq aholisi soni atigi 18 nafarni tashkil etgan. Bu yerdagi maftunkor manzaraga qaramasdan, qishloqda yashash osonmas: hattoki oddiygina baliq ovi ham qishloq ahlining qornini zo‘rg‘a to‘ydirishadi. Gasadalur juda balandda joylashgan, qayiqlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetib borishning iloji yo‘q, shuning uchun baliqchilar qayiqlarini qo‘shni qishloqda saqlashadi — bu esa yana tog‘lar orqali yoki tunnel orqali yo‘l bosish deganidir.

4. Biroq bu maskanning yeri fermerlik qilish uchun juda unumdor va aholi tunnel paydo bo‘lganidan so‘ng qishloqda yashovchilar soni ko‘payishiga umid qilmoqda.

La-Rinkonada, Peru

5. Peru Andlaridagi La-Rinkonada shaxtyorlar shaharchasi dengiz sathidan5100 metrbalandlikda joylashgan va dunyodagi eng «baland» shahar hisoblanadi.

6. Shahar hech qachon erimaydigan muzlikda joylashgan bo‘lib, u yerga faqat xavfli yo‘llar orqali og‘ir yuk mashinalarida yetib borish mumkin.

7. La-Rinkonadaga yetib borish uchun oddiy sayyohga bir hafta ketadi: yo‘lning o‘zi o‘ta murakkab, buning ustiga tog‘ kasalligi ham qo‘shiladi — iqlimga moslashish uchun yo‘lda to‘xtashga to‘g‘ri keladi.

8. Shahardagi 30 000 aholi oltin qazib olish bilan shug‘ullanadi. Ishchilar har kuni qimmatbaho metallarni qazish uchun muzli g‘orlardagi shaxtalarga tushishadi. La-Rinkonada shahrida eng qashshoq va har qanday og‘ir ishlarni bajarishga tayyor peruliklar istiqomat qilishadi.

9. Ularning aksariyati bu yerda maosh olmay ishlashadi — ularga qazib olingan oltinning ozgina qismini o‘zlariga olishga ruxsat beriladi.

Mak-Merdo stansiyasi, Antarktika

10. Yer yuzining narigi burchagida joylashgan Mak-Merdo stansiyasi sayyoramizdagi eng olis maskanlardan biridir.

11. Bu yerda tub aholi yo‘q, lekin yozda (mahalliy mezonlarga ko‘ra iliq davrda) stansiyada 1200ga yaqin olimlar va ko‘ngillilar ishlashadi.

12. Stansiya Ross muzligi yaqinida, qit'aning shimoliy chekkasida joylashgan bo‘lib, doimo muzlik va qor bilan qoplangan.

13. Mak-Merdo — xalqaro ilmiy tadqiqotlar stansiyasi. Ilgari bu yerga kelish oylab (hattoki yillab) vaqtni olardi — kemalarda, muzliklar va xavfli oqimlar orasida.

14. Olimlarda televizor, sport zali, kichkinagina golf maydonchasi va hatto stansiyani yangi meva-sabzavotlar bilan ta'minlaydigan oranjyereya ham bor.

Edlidaey orolidagi uy, Vestmannaeyyar arxipelagi, Islandiya

15. Bu uyni ko‘pincha olamdagi eng tanho uy deb atashadi va suratlarni ko‘rgach, uni nima uchun bunday atashlari sababini anglash qiyin emas.

16. Edlidaey orolida 300 yil davomida bor-yo‘g‘i beshta oila yashagan (qarindoshlar orasidagi nikohlar qanday oqibatlarga olib kelganligini bilish qiyinchilik tug‘dirmaydi, hozirda bu yerda hech kim yashamaydi).

17. Orolda saqlanib qolgan yagona inshoot ovchilar uchun boshpana vazifasini o‘tagan. Bu uy kimga tegishli ekanligi haqida turli gap-so‘zlar yuradi. Kimdir u Borkka tegishli ekanligini aytsa, yana kimdir sirli island millioneriniki deydi. Qizig‘i, bu yerda hech kimdan qo‘rqishning hojati yo‘q bo‘lsa-da, uy atrofi uzoq vaqt o‘ralgan holda bo‘lgan.

Illokkortoormiut, Grenlandiya

18. Grenlandiya — aholisi eng kam bo‘lgan (57 000 kishi) dunyodagi eng ulkan orol (uning maydoni 2 130 800 km²).  

19. Illokkortoormiut, o‘z navbatida, sohilda joylashgan kichkinagina ovchilar va baliqchilar qishlog‘i. U kattaligi Angliya bilan teng munitsipalitetga qarashli, ammo aholisi zo‘rg‘a 500 kishidan oshadi — bu esa har bir kishiga 400 km²ga yaqin yer to‘g‘ri keladi degani.

20. Illokkortoormiut ahli oq ayiq va kitlarni ovlab kun kechiradi, iliqroq oylarda esa paltus baliqlarini ovlaydi. U yer yuzidagi eng shimoliy aholi maskanlaridan biri bo‘lib, qishloqni tashqi dunyodan tundra ajratib turadi. 

21. Bu yerga faqat samolyotda (haftada ikki marta Konstebl-Pint, Islandiyadan), vertolyot yoki qayiqda (bir yilda bir necha marta) borish mumkin.

Kergelen orollari, Fransuz Janubiy va Antarktika hududlari

22. Shuningdek Kimasiz orollar nomi bilan ham tanilgan Kergelen arxipelagi — sayyoramizdagi odam oyog‘i yetishi  qiyin bo‘lgan maskanlardan biri. Bu yerga faqat dengiz orqali kelish mumkin, orolni atrofdagi dunyo bilan bog‘lab turuvchi aviayo‘l yo‘q.

23. Orollar 1772 yilda kashf etilgan va bu yerga ko‘plab olimlar va biologlar, hattoki 1776 yilda kapitan Kuk ham kelgan.

24. Rasman Reyunondan Kergelengacha kemada suzib kelishga olti kun ketadi. Aslida esa sayohat bir oygacha ham cho‘zilishi mumkin — hammasi qanday kemada suzishga bog‘liq.

25. Arxipelagga ko‘pincha olimlarni uzoq orollarga olib boruvchi kemalar keladi (lekin bunday kemalar atrofdagi barcha portlarda to‘xtab o‘tadi).

26. Xuddi Antarktikadagi kabi bu yerda ham yil davomida ko‘plab fransiyalik olimlar va injyenerlar yashaydilar (orollar rasman ushbu mamlakatga tegishli).

Pitkern orollari, Britaniyaning dengizorti hududlari

27. Tinch okeaninning janubiy qismida joylashgan kichkinagina nuqta bo‘lgan Pitkern Taiti va Gambe orollariga yaqin, lekin ularning orasidagi masofa bir necha yuz kilometrni tashkil etadi.

28. Orol — Britaniyaning Tinch okeanidagi so‘nggi hududi va bu yerda 50 nafar kishi istiqomat qiladi. Ularning aksariyati mashhur “HMS Bounty” kemasi ekipajining avlodlaridir.

29. “HMS Bounty” 1789 yilda yo‘lga otlanganligi va kemada isyon ko‘tarilishi oqibatida isyonchilar uni orol yaqinida to‘xtatib kemani yoqib yuborishganligi bilan mashhur. Isyonchilar shu yerda yashashni ma'qul ko‘rishgan. Hozirda orol aholisi fermerlik, baliqchilik va noyob pochta markalarini sotish bilan kun ko‘radi.

30. Orolda aeroport mavjud emas, shuning uchun bu yerga kamdan-kam qatnovchi Yangi Zelandiya kemalarida kelish mumkin. Buning uchun o‘n kun suzishga to‘g‘ri keladi.

Alert, Kanada

31. Alert — Shimoliy qutbdan atigi 500 mil masofada joylashgan maskan. U yer yuzidagi aholi doimiy istiqomat qiladigan eng shimoliy aholi punkti hisoblanadi.

32. Alertda ob-havo juda noqulay: bir yilda atigi ikki (iyul va avgust) iliq bo‘ladi. Qish deyarli yil bo‘yi davom etadi, fevraldagi o‘rtacha harorat esa (eng sovuq oy) -33,4 darajani tashkil etadi. Buning ustiga bu yerda doimiy ravishda yoki qutb kuni yoki qutb tuni bo‘ladi.

33. Eng yaqin shahargacha bo‘lgan masofa—2000 km, Kvebekka o‘xshagan kattaroq shahargacha esa ikki barobar ko‘proq yo‘l yurish lozim. Harbiy-strategik jihatdan Alertda aeroport bo‘lsa-da, uning mavjudligidan hech qanday foyda yo‘q: yomon ob-havo sharoiti sababli bu yerga samolyot kelishi qiyin.

Motuo okrugi, Xitoy, Tibet muxtor hududi

34. Motuoga yetib borish uchun ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazish kerak. Yo‘lning aksariyat qismi faqat piyoda yurish mumkin bo‘lgan muzlagan Tibet dovonlaridan o‘tadi. Bu ham kamdek, oldinda uzunligi 200 metrli qo‘rqinchli va g‘ijirlab turadigan osma ko‘prik ham bor. Okrug joylashgan viloyat o‘zining chiroyli va antiqa o‘simliklari bilan mashhur. Bu yer botanika ishqibozlari uchun haqiqiy jannat — butun Xitoyda o‘sadigan barcha o‘simliklarning o‘ndan bir qismini shu yerdan topish mumkin.

35. Motuoga olib boradigan yo‘l qurishga urinishlar bo‘lgan, biroq doimiy ko‘chkilar va murakkab landshaft sababli bunga imkon bo‘lmagan. So‘nggi marta 1990 yilda yo‘l qurilgan, biroq bir necha haftadan so‘ng u ko‘chki ostida qolgan.

Tristan-da-Kunya, Britaniyaning dengizorti hududlari

36. Tristan-da-Kunya — sayyoramizdagi eng uzoqda joylashgan arxipelag sifatida nom qozongan orollar guruhi. 2014 yilda orol aholisining soni 297 kishini tashkil etgan. Ularning barchasi — orolda 1816 yildan 1908 yilgacha joylashib qolgan sakkiz erkak (shotland, golland, ikki ingliz, ikki italyan va ikki amerikalik) va yetti ayolning (besh nafar mulat: to‘rttasi Avliyo Yelena orolidan, bittasi Keyptaundan va ikki irland ayoli) avlodlaridir.

37. Orolda maktab, gospital, muzey va hatto turistik idora ham bor. Aholi asosan lobster ovlash va kartoshka ekish bilan shug‘ullanadi.  

38. Orol poytaxti — Yetti dengiz Edinburgi — qit'a bilan hech qanday bog‘lovchi yo‘lga ega emas, shuning uchun Tristan-da-Kunyaga borish uchun kamdan-kam uchraydigan baliqchilik kemalarini yoki ilmiy ekspeditsiyalarni kutishga to‘g‘ri keladi. U yerga borish uchun dengizda bir haftadan uch haftagacha yurish lozim.