Shavkat Mirziyoyev: “Hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes sub’yektlari tashkil etish va tadbirkorlarning muammolarini hal etishga sarflashi lozim”

  • 20:17 / 07.11.2019
  • 249

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni joriy yilda davlat budjetiga tushumlar prognozi ijrosini ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Ushbu videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlarga yerni onlayn auksion orqali berish, mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha idoralararo elektron axborot almashinuvini ta’minlash zarurligi ta’kidlangan. Bu haqida Prezident Matbuot xizmati xabar berdi. 
Xorijiy tajriba asosida, mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan mustaqil o‘tkazishga mas’ul alohida tuzilma tashkil etish taklifi bildirilgan. 
Prezident hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes subyektlari tashkil etish va ishlayotgan tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda hal etishga sarflashi lozimligini ta’kidlab, juda ko‘p rahbarlar bunga befarqlik va mas’uliyatsizlik bilan qarab kelayotganini keskin tanqid qilgan. 
Barcha viloyat va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. 
Xabarda aytilishicha, murojaatning bosh mazmuni hamma narsa tadbirkor uchun ekanligini xalqqa yetkazishdan iborat bo‘ladi. 
Shuningdek, murojaatni OAV, ijtimoiy tarmoqlar va aholi gavjum joylardagi bannerlarda e’lon qilib, unda hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining telefon raqamlari ham ko‘rsatilishi shartligi belgilangan. 
Bundan tashqari, hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etishi kerakligi ta’kidlangan.
Yig‘ilishda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun mas’ul etib belgilangan Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobank hamda hududiy ishchi guruhlar rahbarlari joylarda tadbirkorlikning yangi imkoniyatlarini topish va hayotga tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlar bo‘yicha hisobot berilgan. 
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, tijorat banklari va boshqa vakolatli idoralarning o‘zaro hamkorligi joylarda hali sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Sohadagi barcha masalalar hokimliklar, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va banklarning o‘zaro hamkorligida yechilishi zarurligi qayd etilgan.