Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi

  • 21:30 / 23.05.2020
  • 122

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Qadrli va muhtaram vatandoshlar!

Avvalambor, siz azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-ukalarimiz, opa-singillarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni, iymon-e’tiqodli xalqimizni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarimni bildiraman.

Ramazoni sharif ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida azal-azaldan alohida o‘rin egallab keladi.

Ushbu qutlug‘ oyda sabru qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va ko‘makka muhtojlarga yanada e’tiborli bo‘lish, savobli amallar qilishdek olijanob fazilatlar bu yil yurtimizda har qachongidan ham yaqqol namoyon bo‘ldi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Mard va matonatli xalqimiz koronavirus pandemiyasi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Olloh sabr-toqatli insonlar bilan birgadir”, degan ilohiy o‘gitga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yanada ahil
va birdam bo‘lib, insonparvarlik, hamjihatlikning yuksak numunasini ko‘rsatganini jahon hamjamiyati e’tirof etmoqda.

Bu bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Asrlar davomida xalqimiz ongida bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mustahkam iroda kabi ibratli fazilatlarni shakllantirishda tabarruk Ramazon oyiga xos qadriyatlarning o‘rni va ta’siri albatta beqiyosdir.

Bu yil karantin tufayli Ramazon amallari va ibodatlarini ado etishda yuzaga kelgan ma’lum qiyinchiliklarni to‘g‘ri tushunib, bu masalaga oqilona yondashgan, ayni vaqtda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatida faol ishtirok etayotgan himmati baland tadbirkorlarimiz va fermerlarimizga, turli kasb egalari bo‘lgan keksayu yosh barcha vatandoshlarimizga shu ulug‘ ayyom kunlarida yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman.

Aziz do‘stlar!

Ma’lumki, hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq mushkul vaziyatni boshimizdan o‘tkazmoqdamiz. Shu o‘rinda bir haqiqatni eslatib o‘tishni zarur, deb bilaman.

Karami keng Alloh taolo muqaddas Qur’oni karimda insonlarni mas’uliyatli sinov kunlarida sabr va qanoatli bo‘lishga da’vat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, deb marhamat qiladi.

Chindan ham, har qaday tashvish ortida yengillik va yorug‘lik borligini koronavirus kasalligidan sog‘ayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimzning katta yordami va ko‘magi bilan o‘z hayotini yangitdan yo‘lga qo‘yib olayotgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar.

Shu ma’noda, bugungi qiyinchiliklar albatta o‘tib ketadi, hali qancha xursandchilik kunlar, bayram va hayitlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, deb ishonaman.

Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona yengib o‘tgan olijanob xalqimiz bu sinovlardan yanada kuchli va qudratli bo‘lib chiqadi.

Ana shunday qat’iy ishonch va ko‘tarinki kayfiyat bilan bugungi kunda yurtimizni taraqqiy ettirish yo‘lida davrning o‘zi talab etayotgan, biz boshlagan keng ko‘lamli islohot
va o‘zgarishlarni bir yoqadan bosh chiqarib, izchil amalga oshirib, oldimizga qo‘ygan ulkan marralarga albatta erishamiz.

Siz, aziz va muhtaram vatandoshlarimni ezgu niyatlar ro‘yobga chiqadigan, xayrli amallar uchun behisob savoblar yog‘iladigan, o‘zaro birdamlik, do‘stlik va ahillik tuyg‘ulari tarannum etiladigan shukuhli Iyd-ul-Fitr bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.

Fursatdan foydalanib, jahondagi barcha mo‘min-musulmon birodarlarimizni ham xalqimiz nomidan samimiy qutlab, ularga tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka va farovon hayot tilayman.

Niyati pok, maqsadlari ulug‘ xalqimizning ushbu saodatli onlarda qilayotgan toat-ibodatlari va duolari ijobat bo‘lsin!

Parvardigori olam doimo yo‘limizni ham, yuzimizni ham yorug‘ qilsin! Yurtimizni, elimizni turli balo-qazolardan O‘zi asrasin!

Vatanimiz tinch, xalqimiz sog‘-salomat bo‘lsin!

Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti