Shavkat Mirziyoyev Xo‘jaobod tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning sifatini tanqid qildi

  • 19:51 / 22.05.2020
  • 295

Avval xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 21-may kuni Andijon viloyatiga safar qilgan edi.

Bugun, 22-may kuni Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi ko‘p qavatli uylar qurilishini borib ko‘rdi.

Andijon viloyati aholisi mamlakat aholisining 10 foizini, hududi esa 1 foizini tashkil etadi. Shu bois shahar yaqinidagi adir joylarda ko‘p qavatli uylar qurish, shu orqali aholining tobora o‘sib borayotgan talabini qondirish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, Xo‘jaobod tumanining Ittifoq massivida 35 ta uy qurilmoqda. Ular Andijon shahri, Andijon, Xo‘jaobod, Buloqboshi va Jalaquduq tumanlaridagi uy-joyga muhtoj oilalarga berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bu yerda maktab, tikuvchilik syexi, sport kompleksi bunyod etilmoqda.

Davlat rahbari qurilish ishlaridagi kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdi. Bunday joylarda uylar bunyod etish mamlakatda yangi tajriba ekanini, ularni xalqaro standartlar asosida pishiq, sifatli qurish zarurligini ta’kidladi.

Loyihani takomillashtirish, aholiga qulay transport yo‘nalishlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga safari yakuniga yetdi.