Shavkat Mirziyoyev mulk huquqiga doir normalarni so‘zsiz ijro etish va ularga qat'iy rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar shaxslarni ogohlantirdi

  • 08:53 / 14.08.2019
  • 70

Farmon bilan mahalliy hokimiyat va boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari Konstitusiyaning xususiy mulk daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta'minlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risidagi normalarini so‘zsiz ijro etish va ularga qat'iy rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Endilikda Bosh prokuratura va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili:

xususiy mulkdorlarga ularning huquqlarini buzgan holda zarar yetkazilishiga (mulk huquqini noqonuniy cheklash va undan mahrum qilish, xususiy mulkka tajovuz qilish, mulkni topshirishga yoki mulk egasini shaxsiy mulk huquqidan voz kechishga majbur qilish) yo‘l qo‘yilmasligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi;

mansabdor shaxslar tomonidan suiiste'mol va qonunbuzarlik holatlarining oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan zarur choralarni ko‘radi.