Shaxmatchilarimiz xalqaro chempionatda umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egalladi

  • 21:58 / 11.09.2019
  • 49

Joriy yilning 4-11-sentyabr kunlari Hindistonning Dehli shahrida 6-20 yoshlilar oʻrtasida shaxmat bo‘yicha Gʻarbiy Osiyo chempionati boʻlib oʻtdi

Musobaqa qatnashchilari standart, rapid va blis boʻyicha bellashdi. 

Chempionatda oltin medalni qoʻlga kiritganlar Xalqaro grossmeyster unvoniga ega boʻlishdi. Oʻzbekiston Shaxmat federatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston sharafini 11 nafar shaxmatchi himoya qildi. Ular orasida FIDE toifasidagi sport ustalari Abdumalik Abdusalimov va Muhammadali Abdruhmonov hamda ayollar oʻrtasida xalqaro toifadagi sport ustasi Bahora Abdusattorova ham bor.

O‘zbekiston vakillari chempionatda munosib ishtirok etib 10 davlat ichida 3 ta oltin, 1 ta kumush, 4 ta bronza jami 8ta medalni qoʻlga kiritdi va umumjamoa hisobida ikkinchi oʻrinni egalladi. 

Abdumalik Abdusalimov 20 yoshlilar oʻrtasida(standart), Muhammadali Abdurahmonov 18 yoshlilar oʻrtasida (rapid), Davron Sharipov esa 14 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida (blis) chempionlik maqomiga erishdi. 

14 yoshlilar oʻrtasida Maftuna Bobomurodova kumush medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 8 yoshlilar oʻrtasida Muhammadiso Ubaydullayev (blis) hamda 20 yoshlilar oʻrtasida Abdumalik Abdisalimov (blis), Bahora Abdusattarova standart hamda blis yoʻnalishlarida bronza medallarini qoʻlga kiritdi.