Shtrixkodni kim o‘ylab topgan?

  • 17:23 / 22.11.2019
  • 111

Avtomatik qurilmadagi harf va raqamlardan iborat murakkab belgilarni o‘qishdan ko‘ra, turli kenglikdagi shtrixkodlarni “o‘qish” osonroq.  Buni anglab yetgan AQShdagi Dreksel Texnologik universiteti aspirantlari Bernard Silver va Jozef Vudlend 1949-yili qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlarini avtomatik tarzda hisobga olish usuliga patent olish uchun ariza topshirishdi. Bu usul ko‘ndalangiga joylashtirilgan  nuqta va tirelardan iborat bo‘lib,  shtrixkod, deb atalardi

Tez orada Vudlend IBM kompaniyasida ish boshlaydi, biroq ularning ixtirolari hech kimni qiziqtirmaydi. 
  
Bu yangilikdan bexabar holda temiryo‘l sohasida xizmat qiluvchi injener Devid Kollinz vagonlarni osongina sanab bera oladigan moslama yaratadi. Biroq, u ham boshliqlar tomonidan inkor qilinadi. Devid qarab o‘tirmaydi, o‘zining firmasini ochadi. Firma tomonidan taklif etilgan dastlabki lazerli skanerlar 1969-yilda General Motors zavodida ishlatila boshlandi. 1971-yilga kelib RCA kompaniyasi garchi muddati o‘tib ketgan bo‘lsa-da, shtrixkod borasida o‘z variantini tavsiya qiladi. 

Bu voqealar IBMning e’tiborini tortmay qolmaydi, albatta. Ular Vudlendni eslab qolishadi. Vudlent bilan birgalikda standartdagi birinchi UPC shtrixkodlarini yaratishadi. 1974-yilning 26-iyunida UPC yordamida ilk Tovar – Wrigley’s saqichlari sotilgan. Oradan ikki yil o‘tgach, hozirda ishlatilayotgan EAN-13 standarti qabul qilinadi.