Silay oladigan protez ixtiro qilindi

  • 15:56 / 21.03.2020
  • 38

Mariyaning chap qo‘li tug‘ma nuqsonga ega. Uni Genuyadagi Italiya texnologik institutiga protezning yangi modelini sinab ko‘rish uchun taklif qilishdi. Mariya keyinchalik yangi moslamalar ustida ishlovchi olimlar guruhiga dizayn bo‘yicha ekspert sifatida qo‘shildi.
Qo‘l – tanamizning eng murakkab qismlaridan biri. Uning tabiiy tuzilishi va ishlashini takrorlash protezlar yaratishda muhim ahamiyatga ega. Chunki bu qo‘lida nuqsoni borlar yoki qo‘lidan ajralib qolganlarning hayotini yaxshilash uchun juda ham zarur. 
Mariya sinovdan o‘tkazgan qo‘l protezlarining xarakteristikasi inson qo‘li  funksiyalariga juda yaqin turadi. Yevropaning Soft Hand Pro loyihasi o‘z oldiga oddiy va yengil, narsalarni ushlashi va yengil harakatlarni amalga oshirishi mumkin bo‘lgan, robotlashtirilgan protezlarni yaratishni maqsad qilib qo‘ygan. Bundan tashqari, narxi ko‘pchilik qurbi yetadigan va davlat tibbiy sug‘urtasi qoplay oladigan darajada bo‘lishi lozim.    
Mariya Fossati, dizayner: “Protez egiluvchan va unga tezda moslashish mumkinligidan foydalanuvchi insonga juda qulay. Xuddi tabiiy qo‘llardek. Hatto kimnidir erkalatib, silab qo‘ysa ham bo‘ladi”.
Bu qo‘l protezi Syurix va Gannover shifoxonalarining tadqiqotchilari hamkorligida ishlab chiqilgan. Bu tipdagi modellar inson oyoq-qo‘llarining uchigacha tarqaluvchi “tana intellekti”ga asoslanadi.  
Antonio Bichchi, injener-robototexnik, SOFTHAND loyihasi koordinatori: “Bizning atrof-muhit bilan o‘zaro ta’sir usulimiz faqat miyamizdagi neyron hujayralari bilan bog‘liq emas, balki tanamiz, miyamizning intellekti, mushaklarimiz, asab tizimi va asab uchlari orqali ham o‘tadi”.
Tadqiqotchilar xuddi inson qo‘lidek bo‘g‘imlardan iborat tizimni ishlab chiqdilar. U qo‘lga zarur harakat qilish va predmetlar shakliga moslashishga ko‘maklashadi. Uzatkichlar teri yuzasida mushaklar impulsini hisoblaydi va undan mexanizmni boshqarish uchun foydalanadi.  
Manuel Katalano, tadqiqotchi: “Bu yagona elektr dvigateli yordamida boshqariladigan juda murakkab tuzilma bo‘lib, barcha barmoqlardagi bo‘g‘imlarning harakatini tartibga solib turadi”.
Ko‘pgina o‘ziga xos harakatlar muvofiqlashtirilgan holda boshqariladi va bu inson qo‘lining sinergiyasi, deb ataladi. Harakatlarni bajarishdagi boshqaruvni oddiylashtirish uchun protez qo‘lda sinergiyaning kichik miqdori qo‘llaniladi.    
Jorjio Grioli, tadqiqotchi: “Yumshoq sinergiya – bilakdagi bo‘g‘imlarning mushtarak harakatidir. Bu bizga inson qo‘li imkoniyatlarining 50 foizdan ko‘pini takrorlay oladigan robotlashgan qo‘l yaratish imkonini berdi”..
 Mariya protezning dizaynini yaratish va uni sinovdan o‘tkazish ishlarida yordam berdi. Sinov bosqichi esa juda muhim va nozik bo‘lib qolmoqda. Chunki umumiy olganda protezni ruhan rad etish darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda.  
Mariya Fossati, dizayner: “Aniqlandiki, bu qo‘llarning xuddi tabiiy qo‘llardek harakati, barmoqlarning bukiluvchanligi u bilan o‘ynash, ko‘proq foydalanish va atrofingizdagi odamlar bilan muloqot ishtiyoqini paydo qiladi”.
Mariya Syurixda o‘tkaziladigan navbatdagi “Kibatlon” – bellashuvlarda bu qurilmaning bor funksiyalarini namoyish qilib g‘oliblikni qo‘lga kiritishi mumkin. Bu bellashuvda imkoniyatlari cheklangan insonlar o‘zlarining zamonaviy protezlari yutuqlarini ko‘rsatib berishadi