Siz smartfoningizni qaysi qo‘lingizda ushlaysiz? Telefonni ushlash odati siz haqingizda ko‘p narsani “so‘zlaydi”

  • 20:32 / 03.12.2019
  • 2990

Insondagi ko‘pgina odatlar uning fe’l-atvori haqida “gapirishi” mumkin. Odatlar va qo‘l harakatlari xarakterning asosiy ko‘rsatkichlaridir. Bular qatoriga telefonni ushlash holatini ham kiritish mumkin. Masalan, siz sevimli smartfoningizni qanday ushlaysiz? Qiziqyapsizmi? Unda quyidagilar bilan tanishing

1.  Telefonni bir qo‘lda ushlagancha, uni katta bosh barmog‘ingiz bilan boshqarasizmi?

Agar siz mobil qurilmangizni shu holatda ushlaydiganlardan bo‘lsangiz, demak, siz aniq maqsadli insonsiz. Hayotda nimaga erishish mumkinligini yaxshi bilasiz va bu yo‘lda hech narsaga qaramay harakatlanasiz. Siz va atrofdagilar uchun foyda keltirishini bilsangiz bormi, har qanday og‘ir ishdan qochmaysiz.

Siz eng zo‘r notiqsiz. Nutq so‘zlashni juda yaxshi bilasiz, ammo suhbatdoshingizni umuman tinglashni bilmaysiz. Tinchliksevarligingiz sabab, sizni ziddiyatlarga aralashtirish juda qiyin. Muhabbatga ishonganingiz tufayli ikkinchi bo‘lagingiz uchun hamma narsaga tayyorsiz.

2.  Telefonni ikkala qo‘lda ushlaysiz-u, ammo uni bir qo‘lning bosh barmog‘i bilan boshqarasiz

Smartfonni ikkala qo‘l bilan ushlashga odatlangan bo‘lsangiz, demak siz g‘amxo‘rlik va e’tiborga muhtojlik sezasiz. Yoningizda sizni himoya qila oluvchi inson bo‘lishi kerak. His-tuyg‘ularingizni juda kam oshkor qilasiz, shu sabab atrofdagilar sizni sovuqqon, befarq inson deb bilishadi. Juftingiz esa shu sabab sevgiga tanqislik his qiladi. 
“Yumshoqroq” bo‘ling va hislaringizni namoyon qilishdan uyalmang. Mehmondo‘st bo‘lsangiz, siz uchun barcha eshiklar ochiladi. Hattoki, boshqalar uchun yopiqlari ham. Do‘stlar bilan ko‘proq suhbatlashing. Ko‘p maqtovlar ostida qolsangiz ham o‘zingizni kamtar tutishga harakat qiling, bino qo‘yib yubormang.

3.  Telefonni ikkala qo‘lda ushlab, ikkala qo‘lning bosh barmoqlari bilan boshqarasizmi?

Smartfonni bunday ushlovchilar yonida ishonchli va e’tiborli hamroh bo‘lsa  tez muvaffaqiyat qozonadi. Bu sizni olg‘a yurishga va harakat qilishga undaydi. Siz energiya va yangi g‘oyalar bilan to‘lasiz. 

O‘z tanlaganingizni o‘tmishdagi yoqimsiz holatlarni unutgancha, butun qalbingiz bilan sevasiz. Biroq to‘kis baxt uchun sizga doimiy o‘zgarishlar, yangi kechinmalar kerak.  

4.  Mobil qurilmani bir qo‘lda ushlab, uni ikkinchi qo‘lning ko‘rsatkich barmog‘i bilan boshqarasizmi?

Bunday insonlar xotirjam, og‘ir-bosiq bo‘ladilar. Eng yaqin insoningiz sizni ranjitgan bo‘lsa ham, hissiyotlaringizni oshkor qilmaysiz. Boshqalarning yaxshi yashashi uchun, hatto, o‘z qulayligingizdan kechib yuborasiz. Bu ko‘p ham to‘g‘ri emas. Chunki ular sizni boshqarishi ham mumkin.

Atrofning go‘zalligidan rohatlanasiz va haqiqiy san’atni qadrlaysiz. Siz tinch va yaxshi tanish joylarni ma’qul ko‘rasiz. Odamlar bilan gavjum joylar siz uchun emas! Sevimli insoningiz va uning sevgisi siz uchun xotirjam panohdir. Ammo kim bilandir munosabatga kirishish uchun sizga ko‘p vaqt kerak.