Smartfon quvvatini bir zumda yemiradigan eng “ochofat” dasturlar

  • 18:20 / 14.05.2020
  • 1138

Mobil telefoni quvvati bir zumda tugab qoladigan odamlarni bu mavzu juda qiziqtirishi tabiiy. Techengage IT-portali mutaxassislari eng taniqli “ochofat” dasturlar ro‘yxatini e’lon qildi. Bu top beshtalikda Google Play ilovalar do‘konida uchraydigan va milliardlab marotaba yuklab olingan dasturlar ham bor.

Snapchat

Joylashuv ma’lumotlarini onlayn uzatish uchun ushbu ilova geolokatsiya xizmatidan foydalanadi. Bundan tashqari, foydalanuvchilar videolarni yozib olish va tasvirga tushirish uchun tez-tez kameradan foydalanadilar (bu Snapchat’ning asosiy xususiyati). Interfeys, shuningdek, faol chat lentasi va voqelikni kengaytirib ko‘rsatish funksiyasi mavjud. Bularning barchasi uchun juda ko‘p energiya sarflanadi. Siz xabarlar va geolokatsiyani o‘chirib, iste’mol miqdorini kamaytirishingiz mumkin, ammo natija unchalik samarali bo‘lmaydi.

Netflix

Ushbu ilova turli xil film, televizion shou va ko‘ngilochar dasturlarga osonlik bilan kirish imkoniyatini yaratadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, ko‘ngilochar xizmatlar energiya quvvatini ayamasdan “sipqorish” xususiyatiga ega. Bundan tashqari, sizga juda ko‘p bildirishnomalar ham keladi. Mutaxassislar smartfon quvvatini tejash uchun Netflix’ni butunlay o‘chirish va o‘sha videolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri saytdan ko‘rishni maslahat berishadi.

YouTube

Mediya pleyeri batareya quvvatining tez tugashiga hissa qo‘shadigan videoxostingning yana bir vakili. Ilova tomonidan energiya sarfini kamaytirish imkoni mavjud emas. Netflix’da bo‘lgani kabi, bu yerda ham maslahat oddiy – dasturni o‘chirib tashlang va videolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri saytda ko‘ring. YouTube foydalanuvchilari sonini hisobga olgan holda, biz buni inqilobiy chora deyishimiz mumkin.

Facebook

Albatta, bu ro‘yxatni ijtimoiy tarmoq vakillaridan xoli holda tasavvur eta olmasdik. Facebook ko‘plab xizmatlarni sinxronlashtirish uchun doimiy ravishda ko‘p quvvat sarflaydi. Ularni sanab o‘tishning ma’nosi yo‘q, chunki aslida ular juda ko‘p. Umuman olganda, siz Facebook’dan batareya sarfini faqat Android tizimining pastki menyusi orqali kamaytirishingiz mumkin, bu, dasturning smartfondagi ba’zi funksiyalardan foydalanish huquqini cheklaydi. Foydalanish vaqtini boshqarish orqali ham quvvat sarfini kamaytirish mumkin.

Facebook Messenger

Ro‘yxatimizdan Mark Sukerbergning yana bir ijod mahsuli bo‘lgan messenjer uchun joy topildi. Garchi, ishlash tizimi bir xil bo‘lsa ham na Viber, na Telegram, na WhatsApp bunday ko‘p quvvat sarf qilmaydi. Buning sababi Facebook’nikiga o‘xshash – doimiy sinxronizatsiya. Tizim ichidagi sozlamalar oqimni sezilarli darajada cheklay olmaydi. Chiqish usuli sifatida barcha foydalanuvchilarga Messenger’ning Lite versiyasiga o‘tish taklif etiladi.