Soliq tizimi raqamli kelajagi Strategiyasi qabul qilindi

  • 17:38 / 08.06.2020
  • 531

Joriy yilning 5-iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 359-sonli qarori qabul qilindi.

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur qaror bilan DSQning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Strategiyasi belgilandi.

Unda DSQ ma’lumotlarini qayta ishlash markazi va telekommunikatsiya qurilmalarini modernizatsiya qilish, server va dasturiy ta’minotlar xarid qilish, axborot tizimlari majmuini yagona platformaga o‘tkazish, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish tizimlarini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar nazarda tutilgan. Natijada davlat byudjetiga qo‘shimcha tushumlar hajmi 20 trln. so‘mgacha ortishi kutilmoqda. 

Ushbu hujjat tizimning ma’lumotlar almashish bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator muammolarini hal etishga qaratilgan, jumladan:

– mavjud ma’lumotlar bazasi hajmining yetarli emasligi;

– serverlar xotira hajmining 90 foiz bandligi;

– elektron xizmatlar soni 3,8 barobarga, axborot tizimlar soni 2,5 barobarga ortishi natijasida korporativ tarmoq tezligini oshirish zarurati yuzaga kelganligi;

– turli axborot tizimlarining integratsiyalashuvi natijasida ma’lumotlar bazasida katta yuklanish hosil bo‘lganligi;

– yagona platforma mavjud emasligi.

“DSQ Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasida nazarda tutilayotgan Case Management System, Case Assesment System tizimlarining yaratilishi orqali soliq auditi jarayonini avtomatik tarzda qayd etish, monitoring qilish, real vaqt rejimida ma’lumot va tahlillardan foydalanish orqali soliq tizimini takomillashtirishga erishiladi.

Soliq to‘lovchilarga ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari va ularning mobil ilovalari sonini ko‘paytirish esa soliq xizmati xodimlari bilan munosabatlarda inson omilini 60 foizga qisqartiradi. Bu nafaqat korrupsiyaning oldini oladi, balki qog‘oz shaklidagi hujjat ishlarini ham keskin kamaytiradi”, deyiladi xabarda.