Soliqlarni to‘lash tizimi raqamlashtiriladi. Soliq qo‘mitasi “SAYT” dasturini ishga tushirmoqchi

  • 19:10 / 22.05.2020
  • 66

Davlat soliq qo‘mitasi respublika bo‘ylab “Soliqlarni avtomatlashtirilgan yig‘ish tizimi” – “SAYT” dasturini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ushbu loyiha 2019-yilda Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etilgan edi. Viloyat aholisi maxsus qurilma (terminal) yordamida “SAYT” dasturi ishga tushirilganligi haqida xabardor etildi. Agar soliq inspektorida bunday qurilma bo‘lmasa, ularga soliq to‘lamaslik huquqi berildi.

Qayd qilinishicha, “SAYT” dasturi orqali soliq to‘lovchiga berilgan chek odatdagidan farq qiladi. Unda soliq to‘lash to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar, shuningdek soliq xizmati organi xodimining ma’lumotlari mavjud bo‘ladi va soliq to‘lovchining mobil telefon raqamiga soliq to‘lovi amalga oshirilganligi to‘g‘risida SMS xabar ham boradi.

Bundan tashqari, inspektor hududidagi mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslarni navigator tizimi (GPS) orqali aniqlash imkoniyati yaratilgan.

“SAYT” tizimi soliq inspektoriga soliqlarni mustaqil ravishda yig‘ish va bir vaqtning o‘zida amalga oshirgan ishlarini qayd etish imkonini beradi.

Shu bilan birga, dispetcherlik web ilovasi orqali inspektorning real vaqt rejimida amalga oshirgan ishlari baholab boriladi.

– O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, soliq inspektorlarining ish samaradorligi 2-3 baravarga oshdi, - deydi DSQ Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Zarifjon Zokirov.

Uning ta’kidlashicha, yil boshidan buyon Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida 1 118 dona terminal to‘liq ishga tushirildi. Mazkur hududlarda “SAYT” dasturi orqali 2020-yil yanvar-aprel oylarida mahalliy byudjetlarga 43,5 mlrd. so‘m soliqlar undirildi.

“SAYT” terminallarini ishlatishning keyingi bosqichida hujjatsiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, kadastri mavjud bo‘lmagan obyektlar va ijara shartnomasi tuzmagan shaxslarni elektron ro‘yxatini shakllantirib, qonuniy ishlashga o‘tishini nazorat qilish moduli ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, “SAYT” tizimi respublikaning barcha hududlarida to‘liq joriy etilishi 2020-yilda mahalliy soliqlardan qo‘shimcha 285 mlrd. so‘m mablag‘ tushirish imkoniyatini beradi. Bu esa terminallar uchun sarflangan mablag‘larga nisbatan 35 baravarga ko‘p demakdir.

“SAYT” tizimi barcha hududlarda ishga tushirilib, yagona mexanizmga keltirilgach, soliq inspektorlari ish unumdorligini (KPI) baholash orqali ularni rag‘batlantirish ham rejalashtirilgan.
 
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasida 2020-yilda soliq turlari 13 dan  9 taga kamaytirilgan. Bular:
-qo‘shilgan qiymat solig‘i;
-aksiz solig‘i;
-foyda solig‘i;
-jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
-yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
-suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
-mol-mulk solig‘i;
-yer solig‘i;
-ijtimoiy soliq.