Suratini taniymiz, ammo o‘zinichi? Franklinning million dollarlik saboqlari

  • 22:31 / 09.10.2019
  • 1548

AQShda 1861-yildan bugungi kungacha birdan yuzgacha qiymatli banknotalar chiqariladi. Ularning beshtasida Amerika prezidentlari, eng qimmati – 100 dollarlik banknotada esa hech qachon prezident bo‘lmagan odam tasvirlangan. Uning aslida kim ekanligini hamma ham bilavermaydi. Ko‘pchilik uni – Benjamin Franklinni AQSh prezidenti bo‘lgan, deb ham o‘ylaydi. Bu noyob shaxs 1706-yilda tug‘ilgan va 84 yil umr ko‘rgan. 

Benjamin Franklin chinakam daho, aniqrog‘i, ko‘p qirrali daho (polimat) edi. U shug‘ullangan sohalarni sanash uchun bir qo‘ldagi barmoqlaringiz kamlik qiladi. Siyosatchi, diplomat, kashfiyotchi, olim, yozuvchi, noshir, jurnalist sifatida tarixda iz qoldirgan Franklinga o‘sha davr qirollari-yu prezidentlari, badavlat kishilari katta hurmat ko‘rsatishardi. 

Keling, uning qilgan ishlari bilan tanishamiz:

• Yashindan himoya qiluvchi tayoqni ixtiro qilgan;
• Bifokal ko‘zoynakni yaratgan;
• Franklin pechkasini ixtiro qilgan;
• Elektr toki sohasi bo‘yicha ko‘plab yirik kashfiyotlar qilgan;
• Golfstrim (Atlantika okeanining shimoliy qismidagi iliq oqim)ning birinchi batafsil xaritasini yaratgan;
• AQShda ilk ommaviy kutubxonaga asos solgan;
• Filadelfiya akademiyasiga asos solgan;
• AQSh Konstitutsiyasi va Mustaqillik deklaratsiyasini yaratishda ishtirok etgan;
• Noshirlik bilan faol shug‘ullangan;
• Uning sharofati bilan AQShning ilk banknotasi chop etilgan va hokazo.

AQSh taraqqiyotiga bunday katta hissa qo‘shgan odamning 100 dollarlik banknotada aks etishi mutlaqo o‘rinlidir.

Keling, Benjamin Franklinning mashhur “qanotli so‘zlari” bilan tanishamiz:

• Ortiqcha sotib olgan odam zarurni sotishga majbur bo‘ladi.
• To‘ygacha ko‘zlaringni kattaroq och va to‘ydan so‘ng yum.
• Dangasalik shunchalar tez harakat qiladiki, qashshoqlik tezda yetib oladi.
• Seni o‘zingdan ham ko‘poq kim aldagan?
• Bahona topishga usta odam boshqa hech narsada usta bo‘lmaydi.
• Hamyoningizdagi borini boshingizga “solsangiz”, uni sizdan hech kim tortib ololmaydi.
• Shifokor qanchalik yaxshi bo‘lsa, shunchalik ko‘p foydasiz narsalarni biladi. 
• Savdo-sotiq hali hech bir xalqni kasod qilmadi.
• Sizga har doim yon bosishlarini xohlasangiz, o‘zingizga avvalo o‘zingiz quloq soling. 
• Bugun qila oladigan ishingizni ertaga qoldirmang.

Sarvinoz Omonova tayyorladi