Surxondaryoda uyushgan jinoiy guruh a’zolari ushlandi

  • 18:04 / 13.04.2020
  • 1048

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 12-aprel kuni Surxondaryo viloyatidagi “Gulbahor” chegara bojxona postidan tamaki mahsulotlari ortilgan yuk mashinasini o‘tkazish evaziga bojxona xodimiga 10 500 AQSh dollar miqdorida pora taklif qilgan uyushgan jinoiy guruh a’zolari ushlangan.

Qayd etilishicha, tezkor choralar asosida 2020-yil 12-aprel kuni Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qiymati 20 mlrd. so‘mdan oshiq bo‘lgan tamaki mahsulotlarining noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘yilgan.

Tadbir davomida qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro D.U. boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Termiz tumani hududida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida, avtotransport vositasi yukxonasiga joylashtirilgan konteyner ichida qonuniy olib kirilganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 749 900 quti “GOLDEN CLUB” nomli sigaretlar borligi aniqlangan.

“Ushbu jinoiy guruhni tuzishda ishtirok etgan va uni amalga amalga oshirish maqsadida qulay fursatni kutib Surxondaryo viloyatida yashirinib yurgan N.Z, N.A, A.A va M.N. ismli jinoiy guruh a’zolari ham tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.

Shuningdek, bojxona xodimi bilan kelishuvga erishishida vositachilik qilgan fuqaro R.Ch. ham o‘zining yashash xonadonida ushlandi”, deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182, 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tergov organiga yuborilgan.

Elbek BOYMURADOV