Surxondaryoning ikki tumanida noyob o‘simlik yetishtirilmoqda

  • 16:25 / 17.01.2020
  • 235

Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlarida noyob hisoblangan za’faron o‘simligi yetishtirilmoqda.

Ushbu o‘simlikdan qadimda bo‘yoq olish maqsadida foydalanilgan bo‘lsa, bugungi kunda tibbiyotda keng qo‘llanilib kelinmoqda. 

2019-yil sentabr oyida Sariosiyoda 3 gektar maydonga za’faron tuganak piyozlarini qadalgan bo‘lib, joriy yilda hosil yig‘ib olinmoqda. 

Surxondaryoning Uzun tumanida ham 50 sotix maydonga za’faron ekilgan bo‘lib, ushbu o‘simlik gullar terilmoqda. Ushbu o‘simlikning qo‘shni davlatlarga eksport qilish uchun shartnomalar imzolangan. Yevropaga eksport qilish uchun esa sertifikatlar olingan.

Za’faron asosan issiq va qiya yerlarda yaxshi hosil beradi. Uning gullari ustunchalaridan olingan mahsulot pazandalik va farmatsevtikada ishlatiladi. Gul barglaridan esa choy tayyorlashda foydalanish mumkin. Za’faron sharqda “qizil oltin” deb ham nomlangan.

Za’faron tarkibida bir qator minerallar, kaliy, kalsiy, magniy, natriy, temir moddasi, qand, efir moyi, fosfor rang beruvchi kerosin, azotli moddalar va ko‘plab vitaminlar mavjud.

Shu bois za’faron yetishtiruvchi korxona xodimlari mazkur o‘simliklikdan bir necha mahsulot ishlab chiqarishni ham yo‘lga qo‘ygan.

O‘zbekistonda za’faron yetishtirish va plantatsiyalarni tashkil etish farmatsevtika, parfyumeriya va oziq-ovqat sanoatinining rivojlanishiga, oziq-ovqat ziravori eksportining yo‘lga qo‘yilishiga bevosita xizmat qiladi.