Suv omborlarida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan toshqinlarning oldini olishga oid Hukumat qarori qabul qilinadi

  • 16:54 / 30.05.2020
  • 184

Suv omborlari, yirik suv havzalari va gidroelektr stansiyalarida suv zahiralarini ushlab turuvchi to‘g‘onlar va devorlarning eroziyasi natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olishga oid Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi eʼlon qilindi.
 
Hujjat loyihasi bilan 2020-yil sentabr oyiga qadar quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda:
 
Suv omborlari, yirik suv xavzalari, gidroelektr stansiyalari va boshqa suv toshqini kelib chiqishi mumkin bo‘lgan suv obyektlari ro‘yxatini shakllantirish;
 
Aniqlangan suv obyektlarining relyefli xaritalarini yaratish. Bunda:
- har bir obyekt bo‘yicha geodezik kosmik suratlar yordamida tayyorlangan 1 metr aniqlikdagi yerning raqamli balandlik maʼlumotlarini (DEM, DSM, DTM format) xarid qilish.
- to‘g‘on hududlarida geodeziya va topografiya ishlarini olib borish.
 
Yerning raqamli balandlik maʼlumotlaridan foydalanib suv toshqini kelib chiqishi mumkin bo‘lgan suv obyektlarining suv sig‘imidan kelib chiqqan holda olinadigan hisobiy radiusdagi relyefli xaritasini ishlab chiqish;
 
Hududning 3 o‘lchamli modelini yaratish.
 
Shuningdek, katta sig‘imli suv obyektlarida to‘g‘onlar va devorlarning eroziyasi natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar natijasida o‘pirib chiqadigan suv oqimining yo‘nalishi va shunga mos ravishda suv ostida qoladigan yer maydonlarining kompyuter modulini ishlab chiqish masalasi ham Hukumat qarori loyihasidan o‘rin olgan. Unga ko‘ra, 2020-yil 15-noyabrga qadar –
 
Kompyuter modulini yaratish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqish;
 
Modulni yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish va suv oqimining yo‘nalishi hamda suv ostida qoladigan yer maydonlarining kompyuter modeli yordamida hisoblash uslublari hamda algoritmini ishlab chiqish;
 
Geoaxborot tizimlari oilasiga mansub dasturlarda foydalanish uchun yaratilgan uslublar va algitmlardan foydalanib kompyuter modulini yaratish;
 
Suv obyektlarining kompyuter modulini amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlar olib boriladi.