Suv toshqinidan jabrlangan sirdaryolik oilalarga AQShning insonparvarlik yordami yetkaziladi

  • 19:16 / 29.05.2020
  • 328

AQSHning O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan yordamining bir qismi sifatida “Sardoba suv ombori”dagi texnogen ofat jabrdiydalariga insonparvarlik yordami yetkaziladi.
 
Bugun AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum mazkur gumanitar yordamni “Sog‘lom avlod uchun” nodavlat xayriya jamg‘armasiga topshirdi.
Ushbu insonparvarlik yordami tabiiy ofatdan jabrlangan 2000 ta oilaga yetkaziladi.

AQSh hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) qoshidagi Tabiiy ofatlarda yordam ko‘rsatish boshqarmasi orqali taqdim etgan insonparvarlik yordami oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa zurur narsalardan (gigiyena vositalari, ko‘rpa-to‘shaklar, choyshablar, suv tozalash uchun tabletkalar va boshqalar) tashkil topgan.
 
Bularning barchasini O‘zbekistondagi “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi mahalliy ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilardan sotib olib, har bir jabrlangan oila uchun alohida paketlarga joyladi. Jamg‘arma ushbu insonparvarlik yordamini suv toshqini bo‘lgan hududlarga yetkazib beradi hamda uni Sirdaryo viloyatidagi hududiy filiali orqali tarqatadi.

Sirdaryo viloyati hokimiyati bilan hamkorlikda “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi yordamga muhtojlarni aniqladi va u AQSh hukumati ko‘magi o‘z egalariga yetib borishini kafolatlaydi. Ushbu xayriyadan asosiy maqsad ehtiyojmand oilalarning xavfsizligi, tinchligi, sanitariya himoyasi va shaxsiy gigiyenasini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
 
Ushbu insonparvarlik yordami bilan AQSh hukumati suv ombori o‘pirilishi tufayli uylaridan evakuatsiya qilingan muhtoj oilalarga oziq-ovqat va boshqa asosiy vositalarni tarqatish orqali O‘zbekistonga inqirozga tegishli javob qaytarishda yordam beradi.