Suv xo‘jaligi vaziri: Har yili ariq zovurlar ta‘miri uchun trillionlab mablag‘ ajratiladi

  • 20:41 / 12.09.2019
  • 214

Bugun, 12-sentyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida “Qishloq va suv xoʻjaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident farmoni ijrosi va mohiyati yuzasidan anjuman o‘tkazildi. 

Unda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamroyev, vazir o‘rinbosari Ravshan Mamutov, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi direktor birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Komolov hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.  

Anjumanda irrigatsiya va meliorativ obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash, suv tejovchi texnologiyalar, energiya tejamkorligi, Xalqaro hamkorlik va kadrlar bo‘yicha keng islohatlar borasidagi qilingan ishlar, natijalar, yangilik va rejalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. 

Shuningdek, mamlakatimizda asosiy ekin maydonlarini sug‘orishda hamon eskicha, bostirma sug‘orishga asoslanib qolinayotgani, shuningdek, lotok tarmoqlari, drenaj tizimlarining yangi texnologiyalarga asoslanmaganligi sababli, suv manbalarining 40 foizdan ortiq qismi ekin maydonlariga yetib borguncha bo‘lgan jarayonda yo‘qotilishi hamda bu borada Suv xo‘jaligi vazirligining ekin maydonlarini yangicha sug‘orish tizimiga o‘tish borasida aniq muddatga mo‘ljallangan rejasi bor yoki yo‘qligi borasida savol bilan murojaat qilindi.

"To‘g‘ri aytdingiz, sug‘orish jarayoni eskicha tizimga asoslangani uchun biz har yili ariq zovurlar ta'miri uchun trillionlab mablag‘ ishlatmoqdamiz. Aynan shu sababli, suvning katta qismi samarasiz yo‘qotiladi. Bu bizga eski davrdan qolgan katta meros.

Endilikda biz har bir loyihada mablag‘ tejash maqsadida texnik va iqtisodiy asosiga e'tibor qaratmoqdamiz. 

Bizda endilikda reja asosidagi melioratsiya dasturlari ishlab chiqilib, amalga kiritilmoqda. Bunday dasturlardan birinchisi 2008-2012 yillar uchun, ikkinchisi 2013-2017 yillar va uchinchisi 2018-2022 yillar uchun mo‘ljallangan. Hozirda biz o‘sha uchinchi dastur asosida ishlayapmiz. Bu bizning yaqin yillar uchun rejamiz.

Hozirda Respublika qishloq xo‘jaligining 2030-yilgacha bo‘lgan uzoq yillik dasturi ishlab chiqilmoqda. Mana shu konsepsiya asosida kamida 10 yil ichida 2 million, ya‘ni, 50 foiz sug‘oriladigan ekin maydonlarimiz tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilinadi”, - deya Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyevning soʻzlarini keltirmoqda Xabardor.uz muxbiri.