Tadbirkorlik subyektlariga inkasso topshiriqnomasi qo‘yishda yangi tartib joriy etiladi – DSQ

  • 18:15 / 15.06.2020
  • 502

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, 2020-yilning 16-iyun sanasidan boshlab tadbirkorlik subyektlarining bajarilmagan soliq majburiyatlariga nisbatan soliq organlari tomonidan inkasso topshiriqnomasi qo‘yishda yangi tartib joriy etiladi.

Birinchidan, inkasso topshiriqnomalari Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan markazlashgan holda inson ishtirokisiz dasturiy mahsulot orqali avtomatik ravishda qo‘yiladi. Inkasso topshiriqnomasini shakllantirishda dasturiy mahsulot quyidagilarga e’tibor beradi:

– soliq to‘lovchi tomonidan soliqni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini bank hisobvarag‘iga taqdim etganligi;

– boshqa soliq turida yuzaga kelgan soliq qarzi miqdorida ortiqcha to‘lov summasi mavjudligi;

– soliqlarni to‘lash muddatlari kechiktirilganligi yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari asosida soliq qarzini undirish to‘xtatilganligi.

Ikkinchidan, soliq to‘lovchining bank hisobvarag‘iga qo‘yilgan inkasso topshiriqnomalari ham inson ishtirokisiz avtomatik ravishda chaqirtirib olinadi. Bunda, inkasso topshiriqnomasini avtomatik chaqirib olish uchun nomzod shakllantirishda dasturiy mahsulot quyidagilarga e’tibor beradi:

– soliq qarzi tadbirkorlik subyekti tomonidan to‘liq to‘lab berilganligi;

– soliq qarzi qonunda belgilangan tartibda to‘liq bartaraf etilganligi.

Uchinchidan, Soliq kodeksida belgilangan soliqlarni to‘lash muddatidan keyingi kundan kechiktirmasdan soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda ogohlantirish talabnoma yuboradi.

To‘rtinchidan, avtomatik ravishda shakllantirilgan inkasso topshiriqnomasi soliqlarni to‘lash muddatidan keyin avtomatik ravishda soliq to‘lovchining bank hisobvarag‘iga yuboriladi.

Beshinchidan, bajarilmagan soliq majburiyati mavjud bo‘lgan barcha tadbirkorlik subyektlarining soliq qarzini byudjetga undirishda bir xil yondashuv ta’minlanadi.

Oltinchidan, soliq organi tomonidan soliq to‘lovchilarning bank hisobvaraqlaridagi mablag‘larini asossiz ravishda ortiqcha yechib olish holatlariga butunlay chek qo‘yiladi.