Tadbirlarga O‘zbekiston xalq ustasini olib borsak hayron bo‘lishadi, ular xalq artistlarini taniydi! – “Hunarmand” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i

  • 18:12 / 14.02.2020
  • 68

Bugun, 14-fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida, besh muhim tashabbus doirasida yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodini yuzaga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirda bugungi kunda yoshlarning o‘zi qiziqqan sohaga yo‘naltirishda ushbu tashabbusning ahamiyati muhimligi ta’kidlandi. 

– Hozirda hunarmandchilik sohasida eng oqsoq va muammo tug‘dirib kelayotgan yo‘nalish yo‘g‘och o‘ymakorligidir. Negaki, bu hunarni bir oy yoki bir yilda o‘rganish qiyin. Bu jarayon avloddan-avlodga o‘tib keladigan sohadir. Hozirgi kunda yoshlarimizda bu sohalarga qiziqish yo‘q, ularda qiziqish bo‘lmas ekan ularni urib ham zo‘rlab ham o‘qita olmaymiz. Respublikaning bir qancha viloyatlariga chiqqanimizda, maktab va kollej o‘quvchilariga O‘zbekiston xalq ustasini olib borsak, ular hayron qoladi. O‘zbekistonda xalq ustasi ham bormi, undaylar ham bo‘ladimi deydi. Yoshlarimiz xalq ustasi borligini bilmaydi. Ular faqatgina xalq artistini biladi. Bu kabi vaziyatlar Toshkent shahrida ham kuzatilgan. Buning uchun biz yoshlar bilan ko‘proq ishlamiz kerak”, deydi “Hunarmand” uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Chori Shodiyev.

Tadbirda Madaniyat vazirining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi bergan ma’lumotga ko‘ra, respublika hududida faoliyat olib borayotgan 312 ta bolalar musiqa va san’at maktabida 1 010 ta sinf ochish orqali 8 400 nafar o‘quvchi-yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgan, 2019-yilning sentabr oyida 534 ta yangi sinflar ochilib, 3 650 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlar musiqa va san’at maktablariga qabul qilingan.

Xabardor.uz