Tadqiqot: uy ishlarini bajaradigan bolalar muvaffaqiyatliroq bo‘ladi. Nima uchun? 

  • 23:26 / 01.10.2019
  • 487

Bolalarni uy ishlarini bajarishga o‘rgatish borasida ota-onalar ikki xil qarashga ega. Kimdir farzandi kichikligidanoq uy yumushlarini qilishini xohlaydi, ba’zida vaziyat ham shuni taqozo qiladi. Boshqa birov esa, bola faqat ta’lim olishi kerak, uy ishlari muhim emas, deb hisoblaydi

Bu borada tadqiqotchilar qanday fikrda?

Amerikalik olimlar o‘tkazgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, uy ishlarini qiladigan bolalar boshqalarga nisbatan baxtliroq, sog‘lomroq va muvaffaqiyatliroq bo‘lib ulg‘ayar ekan. Ota-onalar ularni bunga qancha barvaqt o‘rgatishsa – shuncha yaxshi.  Muvaffaqiyatli bo‘lish uchun ko‘p ishlash kerak, bunga esa ko‘nikish lozim. Sotsiolog olimlar taxminicha, bolalar erta yoshlarida o‘yinchoqlarini yig‘ishtirib qo‘ysa, yotog‘ini tartibga keltirsa yoki tokchasini artsa, bular ish ekanligini anglab yetgunicha ko‘nikib bo‘ladi. Ular ulg‘ayganida bu ishlarni qilishga to‘g‘ri kelsa, kamroq noliydi. Nolish o‘rniga bajaradi va foyda ko‘radi. 
 
Minnesota Universitetida olib borilgan o‘n ikki yillik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, kelajakda oila, do‘stlar va ishqiy munosabatlarda muvaffaqiyatli bo‘lishni aytib beruvchi eng yaxshi belgi – bolaning 3-4 yoshlarda uy ishlarini bajarganligidir. O‘smir yoshigacha uy ishlari topshirilmagan bolalarda esa butunlay teskari holat kuzatilgan – ular yaqin munosabatlarda arzimagan narsaga ham janjallashishga tayyor bo‘lisharkan. 
 
“Uy ishlarini barvaqtroq o‘rgangan bola oqko‘ngil va hamjihat sherik bo‘lib o‘sadi”, deydi psixologiya fanlari doktori Sheyn Ouens . “O‘zini eplay oladigan va kattalar hayoti yoki oilaviy hayot taqozo qiladigan zerikarli ishlarni qilishga chidamli odam bilan yashash va ishlash osonroq”.

Uy ishlarini barvaqt boshlash yuqori ko‘rsatkichli IQ (intellekt ko‘rsatkichi) bilan aloqador ekanligi ham aniqlandi. “Uy ishlari bolaga o‘zini nazorat qilish ko‘nikmalari – tartib, iroda va mehnat etikasiga hamda munosabatlar uchun zarur bo‘lgan – hamjihatlilik, jamoada ishlash va boshqalarni hurmat qilishga o‘rgatadi. Shuning uchun uy ishlarini qilishga o‘rgangan bolalar muvaffaqiyatliroq bo‘ladilar”, deydi Ouens. 

Ularning hissasi muhimligini bildiring

Yuqorida bolalikdanoq uy ishlarini qilish shaxsiy munosabatlarda muvaffaqiyatli bo‘lishga sabab bo‘lishini aytdik. Muhabbat esa odamni baxtli qilishi rost. Ammo bu baxtga sabab bo‘luvchi yagona omil emas. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, odamning ijtimoiy mavqeyi va oilasida janjallar bo‘lgan yoki bo‘lmaganidan qat’i nazar, uy ishlari psixik jihatdan sog‘lom bo‘lishga yordam beradi.  

“Uy ishlarini qilgan bolalar oilaga muhim hissa qo‘shganligi uchun o‘zlarini baxtli his qiladilar”, deya ta’kidlaydi Ouens. Shuning uchun farzandingizga minnatdorlik bildirishni unutmang, yaxshi bajargan ishlari uchun maqtab qo‘ying. 

Shuni qo‘shimcha qilish lozimki, bolaga uy ishlarini qilishni buyurishdan avval ularni o‘zingiz bajarib ko‘rsating. Bolaga ish buyurishda uning yoshini ham inobatga olishni unutmang. Jismoniy va psixologik holatiga bosim bo‘ladigan ishlarni buyurmang.

Ota-onalar uy ishlarini bolalarga topshirganida ancha “yengil” bo‘laman, deb o‘ylashadi. Ammo bolaga uy ishlarini qildirish ham anchagina donolik va sabr-toqatni talab etadi. 

Sarvinoz Omonova tayyorladi