Tarixda qolgan g‘aroyib talonchiliklar   

  • 17:55 / 12.02.2020
  • 1585

Talonchilar. Bu so‘z borasida har kim o‘zicha mulohaza yuritadi. Birovlar uchun ular yomon, iymonsiz odamlar. Yana birovlar uchun esa – romanlarning qahramonlari. Bizning davrimizda talonchilik qilish juda mushkul va jinoyat hisoblanadi. Texnologiyalar, himoya tizimlari juda ham kuchayib ketgan. Biroq o‘tgan 10 yilliklar shunday o‘g‘irliklar sodir bo‘lganki, hayron qolasan. Keling, ularni esga olaylik.   

1. Beyker-Stritda o‘g‘irlik 

London, 1971-yil, Lloyds banki. Jinoyatchilar to‘dasi bu bankdan hozirgi davr qiymatida 31 million funt-sterling o‘g‘irladi. Eng qizig‘i – ularning rejasi. To‘da bank qarshisidagi do‘konga joylashib olib, yer ostidan bank tomonga lahm kavlashadi. Tunnel qimmatliklar saqlangan seyf tagigacha boradi. O‘g‘irlik oxiriga yetay deganda, mutlaqo begona bir kishining radiosi jinoyatchilarning ratsiya signalini tasodifan ushlab qoladi. O‘sha begona kishi darrov politsiyaga xabar beradi. Posbonlar darrov atrofni ko‘zdan kechirishni boshlashadi. Eng qizig‘i, ular seyfga olib kiradigan eshiklarni tekshirib ko‘rishadi. Eshik qulflari butun, demak, hamma narsa joyida. Yolg‘on xabar, deb o‘ylab orqaga qaytib ketishadi. 

Oradan ikki yil o‘tgachgina jinoyatchilar to‘dasining a’zolari qo‘lga tushadi. Biroq, to‘da boshlig‘i yashirinishga ulgurgan edi, topilmadi. Keyinchalik bu voqea asosida “Beyker-Stritdagi o‘g‘irlik” nomli film ishlangan.  

2. “Pushti rang panteralar” 

Bu guruh Serbiyada faoliyat yuritgan. Ular 1993-yilda zargarlik do‘konidagi talonchiliklaridan so‘ng juda mashhur bo‘lib ketishgan. Do‘kondan 500 000 funtlik buyumlarni o‘marishgan. Yashirishni ham uddalashgan. Yuzga suriladigan krem tyubiklariga joylashgan.  Ularning bu ishi “Pushtirang panteraning qaytishi” nomli filmda badiiy ifodasini topgan.  

Jinoyatchilarning guruhida 200 ga yaqin odam bo‘lgan. Ularning boshlig‘i Dragan Mikisu qo‘lga olingan. Biroq, u odamlari tomonidan uyushtirilgan “o‘yin” yordamida qochib ketgan.   

3. Albert Spaggiari 

Fransiyalik bu kazzob o‘z yordamchilari bilan 400 ga yaqin bank qutilarini o‘margan va 60 million frankni o‘zlashtirib olgan. 1970-yilda amalga oshirgan talonchiliklari ancha vaqtgacha odamlarning tilidan tushmagan. To‘da Societe Generale bankka kirib, shu darajada tez va puxta ishlaydiki, politsiyachilarga “Qurolsiz, nafratsiz, zo‘rlik ishlatmasdan”, degan mazmundagi xat ham tashlab ketadi. 

Qidiruvlar natijasida to‘daning bir a’zosi qo‘lga olinadi. Jinoyatchi sudda qilmishlari, Albert Spaggiari haqida ma’lumot beradi. Uning so‘zlari asosida Albert ham qo‘lga tushadi. Talonchi sud jarayoni oralig‘ida  paydo bo‘lgan sarosimadan foydalanib, derazaga sakrab chiqadi va o‘zini ko‘cha tomonga otadi. Deraza yonida esa uni shaxsiy motosikli kutib turardi. Zudlikda motosiklni yurgizadi va ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.  

4. Isabella Stewart Gardner muzeyi

Bu talonchilik xuddi kinolardagi voqealarga o‘xshaydi. Ikki jinoyatchi politsiya zobitlari kiyimida muzeyga kirib kelishadi. Qo‘riqchilarga uchrashib, ularga shikoyat tushganini va tekshiruvga kelishganini aytishadi. Bu voqea 1990-yilda sodir bo‘lgan va u vaqtlarda qalbaki guvohnomaga ega bo‘lish muammo emas edi. Qo‘riqchilar ularga osongina ishonishadi. “Ofitserlar” esa ularni qo‘llariga kishan solib, yerto‘laga qamab qo‘yishadi. Keyin esa bemalol ikkinchi qavatga ko‘tarilishadi va romlardan suratlarni yechib olishadi.

O‘g‘irlangan san’at asarlarining umumiy qiymati 500 000 000 dollarga teng bo‘lib, ular orasida Rembrandt va Monening mashhur asarlari ham bor edi. Xodimlar ertasi kuni o‘g‘irlik sodir bo‘lganini bilishadi. Biroq kech edi, politsiya ham yordam berolmaydi. Muzey tarafidan kartinalarning qayerda ekanligini aytgan odamga 5 million miqdorida mukofot ham e’lon qilindi. Befoyda. Muzey devorlarida hali hamon osilib turgan bo‘sh romlar bu talonchilik haqida eslatib turadi.

5. Fransiyaning “changyutgich o‘g‘rilari”  

2006-yilda Fransiya ko‘chalarida o‘ta xavfli aqlli o‘g‘rilar to‘dasi paydo bo‘ladi. Ularni Monoprix do‘konlar tizimining boyliklari qiziqtirardi. Gap shundaki, savdodan tushgan barcha pullar naycha orqali o‘tuvchi havo oqimi yordamida seyfga tushar edi. Shunda o‘g‘rilar bahaybat metall eshikni buzgandan ko‘ra, naychani sindirgan afzal, degan xulosaga kelishadi va naychani kesib, katta changyutgichni eslatuvchi moslamaga ulab qo‘yishadi.

Pullarning o‘zi katta tezlikda uchib kelaveradi. Muhimi esa iz qolmaydi. 15 kun mobaynida qaroqchilar do‘konning 80 000 dollarini olib ulgurishadi. Politsiyachilarning boshi qotadi:  seyf buzilmagan, eshiklar mustahkam turibdi. Faqat kuzatuv kamerasiga niqobli erkakning tasviri tushgan. Jinoyatchilarni ushlashning iloji bo‘lmaydi.  

6. Parijdagi zamonaviy san’at muzeyi  

Bu talonchilik xavfsizlik tizimining nomukammalligi va mas’ullarning beparvoligiga yaxshi misol bo‘la oladi. Bir erkak yarim tunda deraza oynasini sindirib, binoga kiradi. Bu vaqtda hech qanaqa signalizatsiya yo‘q edi. Biroq qo‘riqchilar bo‘lishgan va ular shovqinni eshitmaganliklarini ta’kidlashadi. Qarshilik bo‘lmaganidan keyin o‘g‘ri bemalol kirib, Pikasso va Matiss’ning umumiy bahosi 100 million funt sterling turuvchi asarlarini olib, chiqib ketadi.
   
Talonchilik sodir etilgani ertasiga ma’lum bo‘ladi. Biroq, ancha kechikishgandi. Politsiyachilar bu jinoyatni san’at ixlosmandlari amalga oshirgan, deya taxmin qila oldi, xolos. Biroq taxmin hech narsaga olib kelmadi, o‘g‘ri ustalik bilan yashirinishga ulgurdi.