Tarvuzga to‘ymaganlarga “to‘yimli” tavsiyalar

  • 17:02 / 08.09.2019
  • 801

Kuz mavsumi kelib, havo salqinlab qolganligi bois, har qadamda duch keladigan tarvuz rastalarini uchratmayapmiz. Yozning qaynoqqina haroratida muzdekkina tarvuzdan bahramand bo‘lganlarning esa armoni yo‘q.

Tarvuz uzoq vaqtdan beri sog‘liq va go‘zallik uchun eng yaxshi mahsulotlardan biri sifatida tan olingan. U o‘zining shirin ta’mi bilan bir qatorda ko‘plab foydali xususiyatlarga ega va buni hamma ham bilavermaydi.

Tarvuzning foydali tomonlari

Tarvuz o‘zida juda ko‘p vitamin va minerallarni saqlab, quyidagilarda yordam beradi:

•  tarvuz moddalar almashinuvini normallashtirishda yordam beradi;

•  buyrak va jigarni tozalab, ularning faoliyatini yaxshilaydi;

•  organizmni mustahkamlab, immunitetni ko‘taradi;

•  zararli xolesterindan xalos etadi;

•  ichaklar faoliyatini yaxshilaydi;

•  zaharlanish yoki antibiotiklar qabul qilgandan so‘ng, tarvuz iste’mol qilinsa, zaharli moddalarni organizmdan chiqarishga ko‘maklashadi;

•  tarvuzning quritilgan po‘stlog‘i revmatik kasalliklarga shifo bo‘ladi;

•  tarvuzda C, B1, B2, A, foliy kislotasi, pektin moddalari, karotinoidlar, kaliy tuzlari, temir, magniy va kalsiy moddalari, aminokislotalar ham bor.

Tarvuz haqida qiziqarli ma’lumotlar:

–  Tarvuzning vatani Janubiy Afrika hisoblanadi. Keyinchalik qadimgi Misrda ham odamlar bu ekinni yetishtira boshlaganlar.

–  Rossiyada uzoq vaqt tarvuzni hozirgidek yeyishmagan. Uni stolga tortishdan avval qaynatib shirin sharbat holiga keltirish kerak, deb hisoblangan.

–  Tarixdagi eng katta tarvuz 119 kilogramm og‘irlikka ega bo‘lgan.

–  2005-yildan buyon Xitoyda to‘rtburchak tarvuzlarni yetishtira boshlandi. Buning siri shundaki, hosil o‘sishi tezlasha boshlagach, uni to‘rtburchak shisha idishga joylashtirishadi. Bunday tarvuzlarning narxi 90 AQSh dollarigacha yetadi.

–  Tarvuzning 80 foizi suvdan iborat, qolganini esa fruktoza, o‘simlik kletchatkasi va mikroelementlar tashkil qiladi.

–  Dunyo bo‘ylab har yili tarvuzga bag‘ishlangan ko‘p sonli bayram va marosimlar o’tkaziladi. Misol uchun, Xitoyda har yili “Tarvuz kuni” nishonlanadi va bu kunda barcha qovurilgan tarvuz iste’mol qiladi.

Tarvuzning zararli tomonlari

Tarvuzning zararli tomoni shundaki, u sug‘orilganda nitratlar va zararli kimyoviy vositalarni o‘ziga singdirib oladi. Shu sababdan ham tarvuzni tanlashda juda ehtiyotkor bo‘lish kerak. 

Bundan tashqari quyidagi holatlarda ham tarvuz iste’mol qilish tavsiya etilmaydi:

•  qandli diabetga chalingan insonlarga tarvuzda ko‘p miqdorda fruktoza bo‘lgani tufayli uni ko‘p iste’mol qilish tavsiya etilmaydi;

•  oshqozon osti bezining og‘ir xastaliklarida;

•  buyrak yetishmovchiligida;

•  ateroskleroz va yurak xastaliklarida ham ko‘p tarvuz yeyish tavsiya qilinmaydi.

Shuningdek, tarvuz va sho‘r ovqatlarni aralashtirmaslik kerak. Tarvuz suyuqlikni organizmdan chiqishi jarayonini sustlashtiradi va bu tanada ortiqcha suv yig‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Tarvuzni qishki mavsumga saqlab qo‘yish

Qishda mazali tarvuzdan bahramand bo‘lish uchun, uni quyidagicha saqlash mumkin:

•  birinchi usul: Tarvuzni tabiiy gazlamaga o‘rab, qopga solib, yerto‘laga ilib qo‘ysa bo‘ladi. 

•  ikkinchi usul: somon bilan qoplanadi. Yashikka somon solib, ustiga tarvuzni band tomonini tepaga qaratib qo‘yiladi. Ustidan yana somon to‘shab, salqin va qorong‘u joyda saqlanadi.

Bu kabi usullar bilan tarvuzlarni 3-4 oygacha saqlash mumkin.

Bundan tashqari, Tarvuz urug‘larining yog‘i abadiy yoshlikka intiluvchilar uchun eng samarali vositalardan biri hisoblanadi. Uning tarkibida juda ko‘p miqdorda E vitamini va qarishga qarshi kislotalar mavjud. Ushbu kislotalar ajin yo‘qolishiga ham yordam beradi, va ko‘z ostida qora dog‘ paydo bo‘lishining oldini oladi. Shuningdek, tarvuz urug‘ining yog‘i soch to‘kilishiga qarshi eng samarali vosita hisoblanadi. 

Yodda tuting, hech qanday mahsulot tartibli ovqatlanishning o‘rnini bosa olmaydi. Shunday ekan, foydasi bor ekan deb me’yoridan ortiq tarvuz iste’mol qilish sog‘liq uchun zararlidir.

Zebo Xudoyberdiyeva tayyorladi

Teglar