Tashkilotlarda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

  • 15:03 / 25.04.2020
  • 203

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 42-moddasiga qo‘shimcha kiritishni nazarda tutuvchi Qonun loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 42-moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilmoqda.

Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik, –
mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, hujjat matnida Vazirlar Mahkamasiga hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish, davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlash, ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlash vazifalari yuklatildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur moddaning birinchi qismi fuqarolarning tarbiya va ta’lim berishda tilni erkin tanlashdan iborat huquqlarini buzish, tildan foydalanishda to‘sqinlik qilish va cheklash, davlat tilini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida yashovchi boshqa millatlar va elatlarning tillarini mensimaslik, -
bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.