Tashlab yuborishga shoshilmang! Chiqindi chelagiga tashlab bo‘lmaydigan buyumlar

  • 23:55 / 02.12.2019
  • 523

Ayrimlar qo‘liga tushgan keraksiz narsa yoki chiqindini darrov axlat qutisiga tashlashga shoshiladi. Ammo hamma narsani ham axlatga tashlab bo‘lmasligini bilasizmi? Quyida shu haqida “gaplashamiz”...

Batareykalar

Batareykalarni oddiy axlat qutisiga tashlab bo‘lmaydi. Aks holda, ular shahar chiqindixonalariga tushib, taxminan, 20 kv.m. kattalikdagi tuproqni, 400 litr suvni zaharlashi mumkin. Qanday qilib, deysizmi? Ularning tarkibidagi nikel va ruh moddalari tuproqqa tushsa ham bir necha oy davomida parchalanmaydi. Shu sabab, ularni yo‘q qilish bilan shug‘ullanuvchi maxsus xizmat turlariga topshirish kerak.

Shisha lampalar

Shisha tabiiy muhitda parchalanishi uchun ko‘p yillar talab etiladi. Ular orasida lyuminessent lampalari ham mavjud bo‘lib, ular atrof-muhitga nihoyatda xavfli ta’sir ko‘rsatadi. Lampa simob bug‘lari bilan to‘yintirilgani sabab yerning katta qismini zaharlash xususiyatiga ega.

Shisha termometr

Shisha termometrlarni axlat qutisiga oddiygina tashlab ketib bo‘lmaydi. Bunday termometrlarning ichida simob bo‘ladi. Chiqindi uyumidagi siniq termometr axlat qutisi yonidan o‘tayotgan odamda simobdan zaharlanishni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, ayrim davlatlarda tana haroratini o‘lchashga mo‘ljallangan bunday termometrlarni ishlab chiqarish taqiqlangan.

Dori-darmon

Qabul qilishga yaroqsiz har qanday dori-darmonni axlat qutisiga tashlash yoki kanalizatsiya orqali yuvish ham tavsiya etilmaydi. Ularni to‘g‘ri utilizatsiya qilish kerak. 

Buning uchun dori maydalanib, kukun holatiga keltiriladi va yoqimsiz ta’mga ega birorta bir aralashma bilan aralashtirib (aralashma suyuq bo‘lmasligi kerak), ustma-ust 3-4 qavat o‘ramga o‘rab, katta axlat uyumining ko‘cha hayvonlari ololmaydigan joyiga tashlanishi kerak.

Bo‘yoq va lak

Bo‘yoq va lakni u butunlay qurigachgina tashlash mumkin. Qurimagan bo‘yoq yoki lak oqishi va atrof-muhitga zarar keltirishi mumkin. Shuningdek, ularni kanalizatsiyaga oqizish ham mumkin emas.

Elektronika va texnika

Eski televizor, ishlamaydigan pleyer va boshqa shunga o‘xshash texnik qurilmalarni oddiy axlat chelagiga tashlab bo‘lmaydi. Chunki axlat uyumida yotgan texnikalar namlik, suyuqliklar bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi mumkin. Yaxshisi, ularni bu kabi eski qurilmalarni qabul qiluvchi texnik xizmatlarga berib yuboring.

Havoni tozalovchi sprey yoki dezodarantlar

Temir yoki alyuminiy ichidagi havoni obdan chiqarib, ana undan keyin tashlash kerak. Agar buni qilmasangiz, u axlat qutisida istalgan vaqtda portlashi va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin.

Mashina shinalari

Tashlandiq shinalar 100-120 yil davomida tuproqqa, suvga zaharli moddalar chiqarishi mumkin. Shu sabab eski shinalarni, albatta, maxsus qabul qiluvchi joylarga topshirish kerak. 

Chaqmoqtosh (Zajigalka)

Chaqmoqtoshlarni oddiy axlat qutisiga tashlash mumkin. Faqat ichidagi barcha gazi chiqarib tashlangandan so‘ng. Buning uchun bor-yo‘g‘i 60 soniya sarflanadi, xolos.

Akkumulyator

Mashina akkumulyatorini axlatga tashlash mumkin emas. Axlat uyumida yotgan akkumulyator o‘zidan sulfat kislotasini ajratishi mumkin. Uning ma’lum miqdorda to‘planishi esa onkologik kasalliklar rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Shuning uchun ularni maxsus akkumulyator qabul qilish markazlariga topshirish kerak.

Paket

Germaniyadagi Deutsche Umwelthilfe (DUH) ekologik tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, har yili butun dunyoda trillion dona plastikdan tayyorlangan paketlarda foydalanilar ekan. Ko‘rsatkichni tasavvur qilyapsizmi? Eng achinarlisi, bu plastik paketlarning butunlay chirib yo‘q bo‘lishi uchun bir necha yuz yil kerak bo‘ladi. Shu sababli, aksariyat davlatlar polietilen paketlardan voz kechgan. Ularning o‘rniga eko sumkalar qo‘llanilmoqda.

Turli chiqindilar qancha muddatda parchalanadi?

Axlat qutisiga tashlanayotgan chiqindilar qancha muddatda parchalanishini bilasizmi? 
•  Kartondan yasalgan qutilar, taxminan, 5 yilda;
•  Tamaki qoldig‘i 10 yildan 12 yilgacha;
•  Charm mahsulotlar 30 yildan 40 yilgacha;
•  Konserva bankalari 50 yilda;
•  Alyuminiy bankalar 80 yildan 200 yilgacha;
•  Tagliklar 250 yildan 500 yilgacha;
•  Gigiyenik tagliklar 500 – 800 yil ichida;
•  Plastik idishlar 450 – 1000 yilda;
•  Shisha butilkalar bir necha 100 yilda;
•  Penoplastik mahsulotlar umuman parchalanmaydi.

Internet ma’lumotlari asosida Nargiza Utepova tayyorladi.