Tezlikning bir foizga oshishi yo‘l harakati ishtirokchilari o‘limi bilan tugaydigan YTH ehtimolini 4 foizga oshiradi – Tadqiqot

  • 20:12 / 14.01.2020
  • 84

“Yuksalish” umummilliy harakati yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq ayrim ma’lumotlarni ulashdi. Unga ko‘ra, harakat tezligining bir foizga oshishi yo‘l harakati ishtirokchilari o‘limi bilan tugaydigan YTH ehtimolini 4 foizga oshiradi.

“Dunyoda ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligi 70 km/s ni tashkil etgan mamlakatlar ko‘p emas. MDHning qator davlatlari, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjonda aholi yashash punktlarida ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligi 60 km/s. Ukrainada 2019-yil 1-yanvaridan yo‘llarda o‘lim holatlari sonini kamaytirish choralaridan biri sifatida maksimal harakat tezligi 60 dan 50 km/s ga kamaytirildi.  Yevropaning 29 ta mamlakatida harakatlanish tezligi 50 km/s, London shahrida 48 km/s ni tashkil etadi”, deyiladi xabarda.
         Tadqiqotlarga qaraganda, tezlikni oshirish avariya ehtimoli va uning og‘ir oqibatlari bilan bevosita bog‘liq. Misol uchun, harakat tezligining bir foizga oshishi yo‘l harakati ishtirokchilari o‘limi bilan tugaydigan YTH ehtimolini 4 foizga, jiddiy avariya ehtimolini 3 foizga ortadi. Mashina urib ketishi natijasida piyodalarning halok bo‘lishi ehtimoli ham keskin ortadi. (65 km/s tezlikda bunday natija ehtimoli 50 km/s tezlikdagiga qaraganda 4,5 barobar yuqori). 65 km/s tezlikda harakatlanganda yondan berilgan zarba natijasida haydovchi va yo‘lovchilarning halok bo‘lishi ehtimoli 85 foizni tashkil etadi.
         O‘rtacha tezlikni atigi 5 foizga kamaytirish orqali o‘lim bilan yakun topadigan yo‘l˗transport hodisalarini deyarli 30 foizga kamaytirish mumkin. Boisi, tezlik qancha yuqori bo‘lsa, mashina to‘xtashi uchun shuncha katta masofa kerak bo‘ladi, bu esa yo‘l˗transport hodisasi ehtimolini oshiradi. Quruq yo‘lda 70 km/s tezlikda kelayotgan haydovchi, u yoki bu holatga javoban manyovr qilishi uchun 18˗20 m yo‘l bosib o‘tadi, mashinani butunlay to‘xtatish uchun esa u 47 m yo‘l bosib o‘tishi talab etiladi.
 “Tezlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar ham bor, ular ˗ alkogol, yo‘l trassasi, harakat zichligi va ob˗havo sharoitlari”, deyiladi “Yuksalish” umummilliy harakati rasmiy kanalida.