Tibbiyot va harbiy oliy o‘quv yurtlari talabalaridan iborat ko‘ngillilar yolg‘iz keksalarga oziq-ovqat va dori vositalarini yetkazib beradi – Prezident

  • 21:57 / 26.03.2020
  • 135

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, mazkur kasallik jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sir etmoqda. Odamlar salomatligidan iqtisodiyotni ustun qo‘ygan davlatlarning achchiq tajribasi bu yo‘lning nechog‘lik noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda.
Shu bois mamlakatda infeksiyaning keng tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda kasallikni davolashga barcha kuch va vositalar safarbar qilindi. Jumladan,

karantinga olingan fuqarolarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida birinchi bosqichda 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan karantin zonasini barpo etish ishlari yakunlanmoqda;

Toshkent viloyatida 2 ta besh ming o‘rinli yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilmoqda. Uning mingtalik birinchi bloki yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.

Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida har biri ming kishilik modul kasalxonalar va karantin punktlarini jihozlash ishlari boshlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan,

Sog‘liqni saqlash va moliya vazirliklariga 300 mingta ekspress-test va 500 ta sun’iy nafas oldirish apparati xarid qilish, xavf yuqori bo‘lgan aholi punktlarida ko‘chma laboratoriyalar tashkil etiladi;

shifokorlarga amaliy yordam berish va ularning malakasini oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, tibbiyot niqoblari ishlab chiqarishni kuniga 5 million donaga yetkaziladi;

davlat organlari va nodavlat tashkilotlar o‘z xodimlarining kamida 50 foizini haq to‘lanadigan ta’tilga chiqaradi, qolganlar masofadan ishlashga o‘tkaziladi;

surunkali kasallikka chalinganlar hamda 60 yoshdan oshganlar tashqariga chiqmaslik va bunday xodimlar 100 foiz mehnat ta’tiliga chiqarilishi tavsiya etiladi;

tibbiyot va harbiy oliy o‘quv yurtlari talabalaridan iborat ko‘ngillilar jamoasini tuzib, yolg‘iz keksalar, boquvchisi yo‘q oilalarga hamda olis hududlarga oziq-ovqat, gigiyena va dori vositalari yetkazib berishni tashkil etiladi;

O‘zbekistonga olib kirilayotgan dori-darmonlar, substansiyalar, tibbiy texnika va boshqa zarur tovarlarni bojxona to‘lovlaridan, shu jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi;

Mamlakatda koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 19-martdagi farmoniga muvofiq, bu borada ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar belgilangan edi.
Bugungi yig‘ilishda davlat rahbari biznes vakillarining fikrini inobatga olgan holda, ularga yana qo‘shimcha yengilliklar berish zarurligini ta’kidladi. Unga ko‘ra,

1-oktyabrga qadar tadbirkorlarning foydalanilmayotgan obyektlariga nisbatan mol-mulk va yer solig‘ining oshirilgan stavkalari qo‘llanilmaydi;

1-noyabrga qadar koronavirus pandemiyasi tufayli moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan kechirayotgan korxonalar bankrot deb e’lon qilinmaydi;

karantin muddati davomida tadbirkorlik subyektlari foydalanayotgan 3 ming 600 dan ortiq davlat mulki ob’yektlari bo‘yicha ijara haqlarini undirish to‘xtatiladi;

barcha loyihalar doirasida investisiyaviy majburiyatlarni bajarish muddatlari 6 oyga uzaytiriladi;

karantin davrida tadbirkorlarning hisob raqamini to‘xtatib qo‘yish taqiqlanadi;

aholiga tovarlarni yetkazib berish hamda tashish xizmatlarini ko‘rsatish uchun lisyenziya olish talabi vaqtinchalik bekor qilinadi.

Yig‘ilishda yangi ish o‘rinlari yaratishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sifatida qayta tashkil etilishi ma’lum qilinib, uning asosiy vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Manba